“Oʻzkimyosanoat” AJ, D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahri filiali hamda Ilm-fan va taʻlim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro “Ziyo Forum” fondi tomonidan anʼanaviy “Kimyo girls” respublika olimpiadasining navbatdagi gʻolibalari aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʻlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga asosan tashkil etilgan ushbu olimpiadada bu yili ishtirok etish uchun 600 nafardan ortiq talaba-qizdan arizalar kelib tushdi.
Olimpiada test, amaliy laboratoriya topshiriqlari va innovatsion loyihalar – uch bosqichda boʻlib oʻtdi va finalda 10 nafar talaba qiz ishtirok etdi. Ular jamoa boʻlib, sohaga oid oʻz innovatsion loyihalarini taqdim etishdi.
Loyihalar dolzarbligi, energotejamkorligi va iqtisodiy samaradorligiga koʻra baholandi. Yakuniy natijalarga koʻra, hakamlar hayʻati gʻoliblarni aniqlab, 1, 2 va 3-oʻrinlarni belgiladi.
Gʻoliblarga diplom, pul mukofoti va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Bu kabi olimpiadalar talaba-qizlarning bilim va isteʼdodlarini namoyish etish, kasbiy rivojlanish va ilm-fanga yanada ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati