D.I.Mendeleev nomidagi RKTU Toshkent shahridagi filiali Vasiylik kengashining yig'ilishi o'tkazildi

// 03 December 2020 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (551.96 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent shahridagi filiali Vasiylik Kengashining yig'ilishi o'tkazildi. Videokonferentsaloqa orqali o'tkazilgan yig'ilishda D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiyalari universiteti rektori A.G.Majuga, Toshkent shahridagi filialning Ijrochi direktori J.T.Mirzamaxmudov, Filial direktori S.N.Filatov, universitet va filial mas'ul xodimlari, Vasiylik kengashi a'zolari, “Indorama”, “Lukoyl O'zbekiston opereyting kompani”, “Sibur xolding” kabi xorij kompaniyalarning vakillari hamda kimyo va neft-gaz korxonalari ishtirok etdi.

 

Yig'ilishda o'quv jarayonini tashkil etish, Filial Vasiylik kengashining yangi a'zolarini tasdiqlash, Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Filialning yangi o'quv binosini qurish va rekonstruktsiya ishlari hamda D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent shahridagi filialini rivojlantirish fondini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Rossiya kimyo-texnologiyalari universiteti rektori A.G.Majuga Filial faoliyati haqida to'xtalib, 2020-2021 o'quv yili kirish imtixonlari pandemiya sharoitida yuqori saviyada sanitariya-gigiena qoidalariga va ijtimoiy masofaga rioya qilingan holda ochiq havoda tashkil etilganini alohida ta'kidlab o'tdi. Shuningdek, Filialning ta'lim yo'nalishlari “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va iqtisodiyotning boshqa tarmoq korxonalarining kimyo-texnologik yo'nalishdagi kadrlarga bo'lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda belgilanganligi, magistratura ta'lim dasturi bo'yicha ham o'qish boshlanishini ma'lum qildi. Kelajakda sirtqi ta'lim yo'nalishini tashkil etish hamda Filialda ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish istagida bo'lgan talabalarni Moskvaga magistratura bosqichida ta'lim olishga yuborish istiqbolli rejalardan ekanligiga to'xtalib o'tdi.

Filial Vasiylik kengashining raisi J.Mirzamaxmudov yangi o'quv yilida abiturientlar uchun qulaylik yaratish maqsadida tayyorlov kurslarini bu yilga nisbatan vaqtliroq tashkil etilishi, hududlardagi yoshlar yanada samarali tayyorgarlik ko'rishlari uchun barcha tayyorlov kurslari onlayn tashkil etilishini, keyingi yil boshida har bir hududda umumta'lim maktablari va o'rta maxsus ta'lim muassasalari bitiruvchilari ishtirokida tushuntirish va targ'ibot tadbirlari tashkil etilishini ta'kidlab o'tdi. Asosiy e'tibor sanoat korxonalari joylashgan hamda istiqbolda amalga oshirilayotgan loyihalar joylashgan hududlardagi yoshlar bilan ishlashga qaratilishi belgilandi.

Shuningdek, Filialda Rossiya kimyo-texnologiya universiteti qoshidagi Mendeleev muhandislik markazi singari tadqiqot markazi va zamonaviy labaratoriyalar ochish, ilm-fan bilan ishlab chiqarish jarayonining integratsiyalashuvini yanada rivojlantirish lozimligi ta'kidlandi.  

Yig'ilish so'ngida D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti Toshkent shahridagi filiali Vasiylik kengashining yangi a'zolari tasdiqlandi. Vasiylik kengashi yangi a'zolari qatoridan “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona-tashkilotlar hamda xorijiy kompaniya vakillari o'rin oldi.

 

 

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati