Yilning eng faol yosh kimyogari aniqlandi

// 25 June 2021 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (326.61 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bilan hamkorlikda “O'zkimyosanoat” AJ tizimida 2021 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi” ijrosini ta'minlash, yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo'lib kamol topishiga bo'lgan intilishini qo'llab-quvvatlash, o'zi tanlagan kasbga nisbatan hurmat va faxr tuyg'usini shakllantirish, iqtidorli yosh mutaxassislarning kasbiy bilim darajasini aniqlash, yosh mutaxassislar orasida sog'lom raqobat muhitini vujudga keltirish va yosh mutaxassislarning innovatsion g'oya, loyiha va texnologiyalarini hayotga tatbiq etish orqali yoshlar bandligini ta'minlash maqsadida “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovini o'tkazib kelmoqda.

Joriy yilning 25 iyun kuni D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialida “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovining respublika bosqichi va g'oliblarni taqdirlash marosimi o'tkazildi.

Tanlovdan ko'zlangan maqsad yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo'lib kamol topishga bo'lgan intilishlarini qo'llab-quvvatlash, huquqiy madaniyati va faolligini oshirish, shuningdek, iqtidorli yoshlarni munosib rag'batlantirish, yigit-qizlarda Ona Vatanga muhabbat va mamlakatda ro'y berayotgan voqealarga dahldorlik hissini oshirishdir.

Tanlovning birinchi bosqichida turli tarmoqlar tizimidagi 1500 dan ortiq korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat olib borayotgan 6 ming nafarga yaqin yosh mutaxassislar ishtirok etdilar. Ulardan 700 nafari hududiy bosqichlarda ishtirok etdilar va ular orasidan g'olib deb topilgan eng faol yosh mutaxassislar respublika bosqichiga yo'llanma oldilar. “Eng faol yosh kimyogar” ko'rik-tanlovining Respublika bosqichida “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan va tanlovning quyi bosqichlarida g'oliblikni qo'lga kiritgan, ilg'or innovatsion g'oyalarga ega bo'lgan 10 nafar yosh kimyogarlar musobaqalashdilar.

Tanlovda yosh mutaxassislarning ishlab chiqarishga joriy etilgan yangi loyihalari, ularning ishlab chiqarish hajmi va unumdorligini oshirishdagi ahamiyati, yosh mutaxassislar innovatsion ishlanmalarining Respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishga qo'shayotgan hissasi asosiy mezonlardan biri bo'ldi. Shuningdek, yosh mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlarning dolzarbligi hamda ularning respublikamiz ilm-fani, ishlab chiqarish samaradorligini yanada rivojlanishiga munosib hissa qo'shishdagi o'rniga alohida e'tibor qaratildi. Eng muhimi tanlov orqali yosh mutaxassislarning yangi ishlanma va kashfiyotlari yuzaga chiqarildi.

Masalan, “Farg'onaazot” AJ Ilmiy texnik rivojlantirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Burxon Isaqov tomonidan taqdim etilgan “Gidrazin gidrat ishlab chiqarish” loyihasi. Bugungi kunda gidrazin gidratning qo'llanilish sohasi keng. Jumladan, suv va bug' aylanish quvurlarini korroziyadan himoya qilishda, rangli va qimmatbaho metallarni ajratib olishda, shisha ishlab chiqarishda, qishloq ho'jaligida o'simliklarning zararkunandalarga qarshi vosita sifatida, organik sintezda va boshqa sohalarda keng ishlatiladi. Bugungi kunga qadar gidrazin gitrat respublikamizga importdan kirib kelmoqda. Mahalliy xomashyolar hamda  korxonaning mavjud ishlab chiqarish kurilmalaridan foydalanib mahsulot ishlab chiqarilishi mahsulot tannarxining kamayishiga olib keladi va mahsulotni qo'shni davlatlarga eksportga yo'naltirishga imkoniyat yaratiladi. Loyihani amaliyotga tatbiq qilinishi natijasida respublikamizning qariyb 10,0 mlrd. so'm mablag'i iqtisod qilinishiga erishiladi.

Hakamlar xay'ati qaroriga muvofiq, quyidagi ishtirokchilar “Yilning eng faol yosh kimyogari” tanlovi g'olibi deb e'lon qilindi:

I o'rin. A.G'o'lomov - “Ammofos-Maksam” AJ Ammafos-2 sexi master texnologi;

II o'rin. Z.Valilyaeva - “Maksam-Chirchiq” AJ Loyihalash konstruktorlik bo'limining muhandis konstruktori;

III o'rin. B.Isaqov - “Farg'onaazot” AJ Ilmiy-texnik rivojlanish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi

III o'rin. M.Po'latov - “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ Ilm-fan va innovatsiya bo'limi yetakchi muhandisi, innovatsiya bo'yicha menedjeri.

G'olib va sovrindorlar “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.

Tanlov doirasida aniqlangan eng faol yosh mutaxassislar O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan Vatanimiz Mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlab tashkil etiladigan “Yosh mutaxassislar” Respublika forumida ishtirok etish yo'llanmasini qo'lga kiritdilar. Mazkur forumda eng yaxshi deb topilgan iqtidorli yosh mutaxassislar Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ta'sis etilgan maxsus grantlar bilan taqdirlanadilar.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati