Kimyo fani bo‘yicha olimpiada g‘oliblari aniqlandi

// 16 March 2024 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (102.31 KB)

Kuni kecha “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va qator tashkilotlar hamkorligida talaba qizlar uchun kimyo fani bo‘yicha olimpiada o‘tkazildi.
Olimpiadani o‘tkazishdan maqsad mamlakatimizda istiqbolli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish yo‘lida yaqindan yordam berishdir.

–Ushbu tanlov Prezidentimizning 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi asosida tashkil etildi. Olimpiadaning o‘tkazilishi  ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakatimizning nufuzini yanada yuksaltirish uchun iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashda keng yo‘l ochib beradi. Mazkur ilm-fan bellashuvida respublika bo‘yicha 600 nafar talaba qiz ishtirok etish istagini bildirdi.  Olimpiadaning respublika bosqichida eng ko‘p ball to‘plagan 15 nafar qiz ishtirok etdi. Qizlar finalda jamoa sifatida o‘z innovatsion loyihalarini taqdim etdi. Loyihalar dolzarbligi, energiya tejamkorligi va iqtisodiy samaradorligiga ko‘ra baholandi,  –dedi “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Rustam Eshbekov. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni egallagan jamoaga 20 million so‘m, 2-o‘rin uchun 15 million so‘m va 3-o‘rin uchun 10 million so‘m pul mukofoti va esdalik sovg‘alar taqdim etildi.

Manba: N. Ziyodullayeva,15.03.2024, O‘zA