“O'zkimyosanoat” AJ delegatsiyasi “Siemens Energy AG” kompaniyasi bilan muzokaralar o'tkazdi

// 22 July 2021 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (468.14 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Germaniyaning “Siemens Energy AG” kompaniyasi Ijrochi direktori (CEO) Kristian Brux bilan ushrashuv o'tkazdi.

Muzokaralar davomida Germaniya tomoni barqaror energiya ta'minotining samarali va ishonchli tizimi uchun innovatsion mahsulotlar va yechimlarni taqdim etishda to'plangan ko'p yillik tajriba haqida ma'lumot berdi va dunyoda amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishtirdi.

Uchrashuv doirasida Berlin shahridagi “Siemens” kompaniyasining eng yangi texnologiyalar yordamida qurilgan gaz turbinalar ishlab chiqarish zavodiga hamda “Siemens Energy AG” kompaniyasi “Vattenfall Europe Wärme AG” energetika kompaniyasining bosh pudratchisi sifatida qurilgan kogeneratsion “Marzahn” issiqlik elektr stantsiyasiga tashrif buyurildi. 2020 yil foydalanishga topshirilgan “Marzahn” issiqlik elektr stantsiyasi 270 MVt elektr energiyasi va 230 MVt issiqlik energiyasi quvvatiga ega.

Issiqlik elektr stantsiyasi qurilishida nemis kompaniyasining eng yangi texnologiyalari va 90 foizdan yuqori maksimal yoqilg'i samaradorligiga erishishga xizmat qiladigan gaz va bug' turbinalaridan foydalanilgan.

Bundan tashqari issiqlik elektr stantsiyasi texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, stantsiyaning holatini masofadan monitoring qilish va diagnostika qilish uchun to'liq yechimlarni ta'minloachi ilg'or umumiy avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi bilan jihozlangan.

Shuningdek, tomonlar O'zbekiston Respublikasi kimyo sanoatining energiya samaradorligini ta'minlashga va atmosferaga karbonat angidrid tashlanmalarini kamaytirishga qaratilgan investitsiya loyihalar hamda vodorod texnologiyalaridan foydalangan holda alternativ energiya manbalari ishlab chiqarish masalalarini hamda Navoiyda davlat-xususiy sheriklik asosida kimyoviy klaster uchun elektr energiya ta'minoti sifatida elektr energiyasi ishlab chiqarish generatsiyasini qurish loyihasini muhokama qildilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar “O'zkimyosanoat” AJ korxonalarida energiya tejamkor infratuzilmani tashkil etish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini qo'llagan holda kam uglerodli va yanada barqaror energiya tizimiga o'tishga qaratilgan kompleks yondashuvni ta'minlash maqsadida hamkorlik ishlarini davom ettirish va rivojlantirishda nemis kompaniyasi tajribasini qo'llash imkoniyatlarini ko'rib chiqishga kelishildi.

Bundan tashqari ilgari imzolangan Anglashuv memorandumi doirasida tomonlar joriy yilning 1 oktabriga qadar texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni tayyorlash sharti bilan, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun batafsil Yo'l xaritasini tayyorladi.

 

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati