Press-tur ishtirokchilari “Farg'onaazot” AJ faoliyati bilan tanishdi

// 28 November 2020 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (520.79 KB)

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimidagi korxona-tashkilotlar faoliyati bilan jurnalist va blogerlarni yaqindan tanishtirish bo'yicha tasdiqlangan media-rejaga muvofiq, 26-27 noyabr kunlari “Farg'onaazot” AJga press-tur tashkil etildi.

Press-tur doirasida “Farg'onaazot” aksiyadorlik jamiyatining ishlab chiqarish sexlariga press-tur tashkil etildi va korxonada amalga oshirilayotgan investitsiya va innovatsiya loyihalari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksport geografiyasi to'g'risida prezentatsiya ko'rinishida ma'lumot berildi.

Press-turning birinchi kuni jurnalistlar ishtirokida Marg'ilon shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida Marg'ilon hunarmandlar markazi, Yodgorlik majmuasi, Ijodkorlar bog'i va Pir Siddiq majmuasiga tashrif buyurildi.

Press-turning ikkinchi kuni jurnalistlar “Farg'onaazot” aksiyadorlik jamiyati faoliyati, mahsulot ishlab chiqarish va qadoqlash jarayoni bilan tanishdilar.

Hozirgi kunda “Farg'onaazot” aksiyadorlik jamiyatida 30 turdagi mineral o'g'it, kimyoviy eritmalar, ammiak, nitrat kislotasi, suyuq va gazsimon kislorod, azot hamda 10 dan ortiq boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Shuningdek, press-tur ishtirokchilari “Winchemical” Koreya-O'zbekiston qo'shma korxonasiga tashrif buyurdilar. Korxona 2017 yilda tashkil etilgan bo'lib, o'zaro bog'langan (cross linked) polietilen (cross linked foam) asosidagi zamonaviy oboylar, matlar va keng turdagi izolyatsiya materiallarini ishlab chiqaradi.

“Winchemical” korxonasini ishga tushirish ishlari 2019 yilning mart oyida yakunlandi. Aprel oyida test-sinov ishlari olib borildi, texnologik liniyada tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kompleks sinovdan o'tkazildi. 2019 yilning may oyidan boshlab ishlab chiqarish sikli o'zlashtirildi. Bugungi kunda kompaniya mahsulotlari mahalliy bozorda va Qirg'iziston, Qozog'iston va Rossiya bozorlarida ham keng namoyish etilmoqda. Eksport qilinayotgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmining 30%gachasini tashkil qiladi.

Bundan tashqari, energiya tejaydigan uylarni qurish bo'yicha davlat dasturining qabul qilinishi munosabati bilan kompaniya issiqlik izolyatsiyasi mahsulotlarini etkazib beruvchilar ro'yxatiga kiritilgan. Shu bilan birga, bunday innovatsion energiya tejovchi materiallar O'zbekistonda mamnuniyat bilan qabul qilinishini va ularning zamonaviy texnologiyalar va Janubiy Koreya tajribasiga asoslanganligi muhimligini hisobga olib, kompaniya mahsulotlari O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi ko'magi bilan yangi bolalar bog'chalari qurilishida keng tatbiq etilmoqda va ko'plab xususiy, korporativ va davlat mijozlari tomonidan talabga ega.

Bugungi kunda kompaniya O'rta Osiyo va MDH davlatlarida o'zaro bog'langan polietilen asosidagi zamonaviy devor qog'ozi va izolyatsion materiallarning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Shuningdek, “Farg'onaazot” AJda 2020-2024 yillarda umumiy qiymati 680 mln. dollarga teng 6 ta investitsion loyihalarni amalga oshirish ko'zda tutilgan. Natijada 600dan ortiq yangi ish o'rni yaratiladi, eksport salohiyati 118 mln. dollarga oshiriladi, respublikamizga kirib kelayotgan mahsulotlarning importi 86 mln. dollarga qisqartiriladi.

“O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona-tashkilotlar faoliyati bilan jurnalist va blogerlarni yaqindan tanishtirishga qaratilgan bu kabi press-turlar rejaga muvofiq tashkil etiladi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati