Poytaxtimizda “Azot Sintezgaz. Oʻzbekiston va MDH” IV xalqaro kongressi va koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi

// 19 November 2025 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (66.62 MB)

Anjumanda 200 nafardan ortiq mutaxassis ishtirok etmoqda, 10 dan ziyod yirik investitsiya loyihalari taqdim qilinmoqda.

Mazkur nufuzli tadbir Oʻzbekiston va MDH mamlakatlaridagi yirik sintez-gazini qayta ishlash korxonalari, davlat idoralari, ishlab chiqarish texnologiyalari litsenziarlari, uskuna ishlab chiqaruvchilar, injiniring va loyiha-qurilish kompaniyalarini bir maydonda jamladi.

Kongressning ochilish qismida “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Yevgeniy Korjikov ishtirokchilarga tabrik soʻzini yoʻllab, zamonaviy sharoitda texnologiyalarni mahalliylashtirish hamda ichki bozorni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

“Chirchiq” va “Jizzax” kimyo-industrial texnoparklari direksiyasi direktori Jasur Muhamedov hamda Rezidentlar bilan ishlash departamenti rahbari texnoparklar faoliyati haqida batafsil taqdimot oʻtkazib, xorijiy ishlab chiqaruvchilarni jalb etish masalalari yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdilar.

Kongress davomida ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari, shuningdek azot, metanol, ammiak va mineral oʻgʻitlar (azot, kaliy, fosfor, kompleks) ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ishtirokchilar tadbirning birinchi kunida Oʻzbekiston va MDH mamlakatlarida sintez gazini qayta ishlash sanoati uchun zamonaviy yechimlar boʻyicha oʻzaro fikr almashdilar.

Bundan tashqari, metanol va ammiak ishlab chiqarishdagi texnologik muammolar, ularning afzalliklari hamda sanoat korxonalarini qurish boʻyicha rejalashtirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan tajriba almashildi.

Kongress ertaga ham oʻz ishini davom ettiradi.

 “Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati