Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevraldagi “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida koʻrsatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash va mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus ishchi guruhi tuzilib, bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati Parkent tumanining “Kungay”, “Nurobod”, “Oʻchoq”, “Soy” va “Teman” mahallalari va ularda istiqomat qiluvchi ogʻir toifadagi yoshlar Jamiyatga biriktirilgan boʻlib, ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Yaqinda Jamiyat tomonidan 4 nafar mana shunday yoshlarga dehqonchilik faoliyati bilan shugʻullanishi va oʻzini band qilish uchun 3 ta motokultivator hadya qilingan edi.
Bugun tumanning Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3-sektor shtabida “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan “ogʻir toifa”dagi 2 nafar qizga tikuv mashinalari topshirildi.
Shuningdek, 6 nafar yoshning bandligini ta’minlash uchun parranda olib berildi. 1-guruh nogironi boʻlgan yoshga moddiy yordam koʻrsatilib, yana 1 nafariga buyrak yetishmovchiligi kasalligidan davolanish muolajalari hamda bir yillik tibbiy koʻrikdan oʻtish xarajatlari qoplab berildi. Shuningdek, bir nafar talabaning OTM tahsil olishi uchun shartnomasi toʻlab berilgan boʻlsa, bir nafar yosh oilaning nogiron farzandiga tibbiy muolajalar uchun 8 mln soʻm pul ajratildi.
Bundan tashqari 26 nafar yoshlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati