“Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari kuz-qish mavsumiga tayyor

// 09 October 2026 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (1.23 MB)

 

Kuz-qish mavsumida sanoat korxonalarining barqaror ishlashi, avvalo, energetika va muhandislik infratuzilmasining mavsumiy sharoitlarga tayyorligiga bogʻliq. Ayniqsa, kimyo sanoatida texnologik jarayonlarni uzluksiz saqlash, energiya resurslaridan samarali foydalanish va ishlab chiqarish quvvatlarining barqaror faoliyatini taʼminlash muhim vazifalardan hisoblanadi.

Shu maqsadda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarining 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida uzluksiz va barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha kompleks tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.

Tayyorgarlik jarayoni maxsus tashkil etilgan “Oʻzkimyosanoat” AJ Markaziy komissiyasi tomonidan muvofiqlashtirildi. Tizim korxonalarida mavsumga tayyorgarlik boʻyicha aniq maqsadli chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilib, ularning ijrosi bosqichma-bosqich nazorat qilindi.

Asosiy eʼtibor ishlab chiqarish jarayoni uchun muhim boʻlgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, energetika va issiqlik taʼminoti obyektlari, texnologik infratuzilma hamda bino-inshootlarning texnik holatini yaxshilashga qaratildi. Xususan, 3,4 km issiqlik tarmogʻi, 33,8 km elektr tarmogʻi, 0,9 km suv tarmogʻi va 0,8 km gaz tarmogʻida taʼmirlash ishlari bajarildi.

Shuningdek, energetika tizimining ishonchliligini taʼminlash maqsadida 58 ta transformator podstansiyasi, 34 ta bugʻ qozoni va 29 ta gaz taqsimlovchi punkt texnik koʻrikdan oʻtkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Kuz-qish mavsumida issiqlik resurslaridan samarali foydalanish va energiya yoʻqotishlarini kamaytirish maqsadida 4 229,5 m² issiqlik tarmoqlarida issiqlik izolyatsiyasi ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, 48 824 m² binolarning tom qismlari va 3 957 m² deraza oynalari taʼmirlandi hamda yangilandi.

Ishlab chiqarish jarayonining barqarorligi nafaqat energetika, balki transport-logistika infratuzilmasining mavsumga shayligiga ham bevosita bogʻliq. Shu sababli korxonalarning temir yoʻl tarmoqlarida ham zarur texnik tayyorgarlik va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 9 612,7 pogon metr temir yoʻl tarmogʻida tegishli ishlar bajarildi.

Tayyorgarlik jarayonida har bir yoʻnalish boʻyicha belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Natijada tizim korxonalari boʻyicha rejalashtirilgan 439 ta chora-tadbirning barchasi toʻliq bajarildi. Bu ishlar “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalarning qishki mavsumda energetika resurslari bilan barqaror taʼminlanishi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining ishonchli ishlashi va texnologik jarayonlarni uzluksiz tashkil etish uchun zarur sharoit yaratdi.

Eng muhimi, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish orqali kimyo korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligini taʼminlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, energiya resurslarini tejash hamda ehtimoliy mavsumiy xatarlarning oldini olishga zamin yaratildi.