“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi birinchi oʻrinbosari Yevgeniy Korjikov hamda Mahalliylashtirish, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va importni maqbullashtirish boʻlimi boshligʻi Abduhomid Salomovlar Tatariston Respublikasiga safari davomida Qozon federal universiteti va Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasida boʻldilar.
Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad — kompozit materiallar, neftkimyo, farmatsevtika va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar sohasida kichik hajmdagi kimyoviy ishlanmalar boʻyicha ilmiy va texnologik hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Delegatsiya aʼzolari QFU tarkibidagi A.M. Butlerov nomidagi kimyo instituti laboratoriyalarida boʻlib, geterogen kataliz va polimer kompozitlar yaratish sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdi.
Shundan soʻng QFU rahbariyati bilan uchrashuv hamda istiqbolli ilmiy loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi. QFUning raqamli transformatsiya va innovatsion faoliyat boʻyicha prorektori D. Pashin universitetning 220-yildan ortiq ilmiy salohiyatiga ega ekanini taʼkidlar ekan, ushbu tajriba asosida sanoatga yoʻnaltirilgan yangi texnologiyalar jadal rivojlantirilayotganini alohida qayd etdi. D.Pashin xalqaro hamkorlik, jumladan Oʻzbekiston sanoat korxonalari bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash muhimligini taʼkidlab, aniq hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha takliflar bildirdi.
Uchrashuvda “Kichik hajmdagi kimyoviy texnologiyalar” texnoparki direktori Mixail Varfolomeyev tomonidan universitet salohiyati asosida ishlab chiqarilayotgan reagentlar va katalizatorlar boʻyicha amaliy loyihalar taqdim etildi. Ushbu loyihalar ayrim sanoat korxonalarida amaliyotda qoʻllanila boshlangani alohida qayd etildi.
Suhbat chogʻida texnologiyalarni Oʻzbekistonga transfer qilish, qoʻshma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu bilan birga, “Oʻzkimyosanoat” AJ delegatsiyasi QFU tarkibidagi Farmatsevtika ilmiy-oʻquv markazi faoliyati bilan tanishdi. Universitetning qoʻshimcha taʼlim va kasbiy qayta tayyorlash boʻyicha prorektori Ilnur Xayrullin bilan taʼlim dasturlari yuzasidan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv Oʻzbekiston va Tatariston oʻrtasida barqaror ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish hamkorligini yoʻlga qoʻyishdagi muhim qadamlardan biri boʻlib, yangi loyihalar va qoʻshma tadqiqotlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Qozon shahri va Tatariston korxonalariga tashrif doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ vakillari Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Rifkat Minnixanov bilan uchrashuv oʻtkazdilar.
Unda kimyo sanoati sohasidagi hamkorlik, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Tatariston oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash boʻyicha fikr almashildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati