Navoiy shahridagi holat yuzasidan rasmiy bayonot

// 21 July 2025 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (6.09 MB)

Joriy yilning 13-19 va 21-iyul kunlari Navoiy shahri hududini changsimon tutun qopladi. Aholi orasida bu vaziyat «Navoiyazot» AJ faoliyati bilan bogʻliq degan asossiz fikrlar keng muhokamaga sabab boʻlmoqda.

Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Korxona tomonidan atmosferani ifloslantiruvchi tashlamalar miqdorining meʼyoridan oshmasligini nazorat qilish maqsadida 3, 23, 25-sexlarga 3 dona avtomatik gazoanalizator, jamiyatga qarashli sanatoriy-profilaktoriy hamda boshqarma hududiga 2 dona statsionar postlar oʻrnatildi va bunga “Navoiyazot” AJ  mablagʻlari hisobidan 6 milliard 186 million soʻm mablagʻ sarflandi. Shuningdek, atmosferaga manbalardan tashlanuvchi tashlamalarni tutib qolish maqsadida 3-sex donadorlash minorasiga 1 dona skrubber, 23-sex donadorlash minorasiga 4 dona skrubberlar oʻrnatildi.  

Korxona hududi va atrofini nazorat qilish maqsadida 500 tadan ortiq zamonaviy kuzatuv kameralari oʻrnatilgan. Yer sathidan 120 metr balandlikdagi 10-15 km masofadagi jarayonni yaqqol koʻrish imkoniyatini beruvchi kamera tasvirlaridan koʻrish mumkinki, atmosferaning ifloslanishiga sabab boʻlgan changsimon tutun korxona hududidan tarqalmagan.

Tutun gʻarbiy hududdan havoga koʻtarilib, shamol yoʻnalishi boʻylab “Navoiyazot” AJ usti va atrofidan oʻtib keyin butun shaharga tarqalgan. 

 

Navoiy viloyati ekologiya boshqarmasi tomonidan 19-iyul kungi holat yuzasidan bildirilgan maʼlumotda korxonaga qarashli sanitar laboratoriya xodimlari bilan hamkorlikda tahlil oʻtkazilgani aytilgan. Aslida esa oʻrganish ishlaridan korxona vakillari xabardor etilmagan. Shuningdek, atmosfera tarkibida ammiak 1,4 barobar hamda vodorod sulfidining 16,8 barobar meʼyordan yuqoriligi aniqlanganligi qayd etilgan.

Taʼkidlash lozimki, ammiak ham, vodorod sulfidi ham rangsiz, gazsimon modda boʻlib, koʻzga koʻrinmaydi. Navoiy shahrini changsimon tutun qoplaganini esa aholi koʻrib, guvohiga aylandi.

19-iyul kuni soat 7:30-8:00 oraligʻida korxona mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijasida havo tarkibida ammiak mavjud emasligi aniqlangan. Korxonaga qarashli tiomochevina sexi joriy yilning fevral oyidan buyon faoliyat yuritmayapti. Shu bois, atmosferaga vodorod sulfidi chiqqanligi haqidagi maʼlumot mutlaqo asossiz. 

Uglerod ikki oksidi esa koʻmirning chala yonishi natijasida hosil boʻladi, «Navoiyazot» AJda esa mahsulot ishlab chiqarishda koʻmirdan foydalanilmaydi.

Taʼkidlash joiz, korxona tomonidan ekologik xavfsizlik masalasiga birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida qaraladi va atmosferaga chiqariladigan tashlamalar miqdorini keskin kamaytirishga yoʻnaltirilgan aniq, muddatli chora-tadbirlar belgilanib, ular asosida bosqichma-bosqich ish olib borilmoqda.

Shundan kelib chiqib, «Navoiyazot»AJning atmosferani ifloslantirayotgan changsimon tutunga hech qanday aloqasi yoʻqligini maʼlum qilamiz.

Shu munosabat bilan OAV hamda jamoatchilik vakillaridan notoʻgʻri va asoslanmagan maʼlumotlarni tarqatmaslikni soʻrab qolamiz.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati