“Oʻzkimyosanoat” AJ Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tashabbusi bilan tarmoq korxonalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.
Unda “Maxam-Chirchiq”, “Ammofos-Maxam” va “Navoiyazot” AJlar boshqaruv raislari, ularning oʻrinbosarlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlinmalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimizning 2025-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, mazkur hujjatlarda korrupsiyaga qarshi ichki tuzilmalar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning mustaqilligini taʼminlash va vakolatlarini kengaytirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash hamda ularning oldini olish boʻyicha belgilangan vazifalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida mablagʻlarni asosli va maqsadli sarflash, korrupsiyaviy xavflarni minimallashtirish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda belgilangan qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish masalalari boʻyicha ishtirokchilarga tegishli tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi komplayens tizimini yanada takomillashtirish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va bu borada xodimlarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.