
Bugun Toshkent kimyo-texnologiya universitetida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Odil Temirovning talabalar bilan ochiq muloqoti tashkil etildi.
Universitet talabalari, yosh olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etgan ushbu tadbirda mamlakatimizda kimyo sanoatini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va sohaga malakali yosh kadrlarni keng jalb etish masalalariga urg‘u berildi.
Qayd etilganidek, bu uchrashuv yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, ularning taklif va tashabbuslarini eshitish hamda kimyo sanoatida kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov kimyo sanoati mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri ekani hamda bu sohaning rivoji, avvalo, bilimli va tashabbuskor yosh mutaxassislarga bog‘liqligini ta’kidladi.
– Bugungi kunda kimyo sanoati korxonalarida yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy g‘oya va tashabbuslarini amaliyotga tatbiq etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz sohada yoshlar ulushini oshirish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish va kasbiy o‘sishi uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etishdan iborat, – deya ta’kidladi u.
Samimiyat va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda talabalar tomonidan soha korxonalarida amaliyot o‘tash imkoniyatlarini kengaytirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan bog‘lash kabi masalalar yuzasidan qator taklif va mulohazalar bildirildi.
Aytish kerakki, bunday ochiq muloqotlar yoshlarning soha rivojidagi o‘rnini mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kimyo sanoati uchun raqobatbardosh va zamonaviy kadrlar zaxirasini shakllantirishda yanada ahamiyatli.