Kimyo sanoati yosh mutaxassislarining malaka va tajribalarini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiya jarayonlarini kuchaytirish, yosh xodimlarning jamoaviy ishlash, tashabbuskorligini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmogʻida har yili “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” milliy forumini oʻtkazish anʼanaga aylandi.
Joriy yilning 27-31-may kunlari “Oʻzkimyosanoat” AJ, tizim korxonalari hamda Kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Kimyogar” oromgohida “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” ilmiy-intellektual forumi boʻlib oʻtdi.
Ushbu forumda “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalarida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar, D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyalari universiteti Toshkent shahri filiali, Toshkent kimyo- texnologiya instituti hamda Yangi Oʻzbekiston universiteti talabalari — jami 200 nafarga yaqin yosh mutaxassis ishtirok etdi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ va tarmoq korxonalarida 4829 nafar nafar yosh ishchi-xodimlar mehnat faoliyatini olib boradi. Ulardan 2879 nafari erkak, 1950 nafari ayol. Bu kabi tadbirlar orqali yoshlar turli korxonalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan aloqalarni mustahkamlaydi, yosh mutaxassislarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Forum dasturi yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli tadbirlarga boy boʻldi. Dastlabki kuni yoshlar D.I.Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyasi universitetida boʻlib, unda sohaning boʻlajak mutaxassislari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Soʼngra ishtirokchilar Chirchiq kimyo-industrial texnoparkiga tashrif buyurishdi. Forum qatnashchilari texnoparkdagi ishlab chiqarish jarayonlariga bevosita guvoh boʼldilar.
Sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida forumning 2-kunida ishtirokchi yigit-qizlar oʻrtasida shaxmat boʻyicha musobaqa tashkil etildi. 32 nafar yosh ishtirokchi oʻz korxona va OTMlari sharafini himoya qilib, ularda faol qatnashdi.
Shuningdek, yoshlar oʻrtasida keng ommalashgan “Zakovat” intellektual oʻyini ham boʻlib oʻtdi. Unda ishtirokchilardan tashkil topgan 22 ta jamoa “Oʻzkimyosanoat AJ rahbari kubogi” uchun bahs olib bordi.
“Maxam-Chirchiq” AJ xodimlari intellektual oʻyinda zukkolik va jamoaviy ahillikni namoyon etib, 1-oʻrinni zabt etdi. Toshkent kimyo texnologiya universiteti talabalaridan iborat jamoa faxrli 2-oʻrinni egalladi. “Yangi Oʻzbekiston” universiteti jamoasi 3-oʻringa sazovor boʻldi.
Shaxsiy oʻsish, vaqtni boshqarish, motivatsiya va yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish boʻyicha koʻnikmalar – yosh mutaxassislar uchun zamon talabi. Shu maqsadda, malakali spikerlar ishtirokida seminar-trening tashkil etildi. Tadbir psixologik testlar va qiziqarli interaktiv oʻyinlarga boy boʻlib, ishtirokchilarning bilimlarini oshirishga xizmat qildi.
“Eng yaxshi innovatsion gʻoya” tanlovi – “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” forumining kulminatsion tadbiri. Tanlov yosh mutaxassislarning yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish, sanoatda tejamkor texnologiyalarni samarali qoʻllash, tabiat resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiluvchi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Forum ishtirokchilariga ishlab chiqarish jarayonlaridagi muammoli vaziyatlarga innovatsion yechim taklif qilish vazifasi berildi. Uning doirasida yoshlar 20 ga yaqin innovatsion loyihalar taklif qilishdi.
Loyihalar energotejamkorligi, kimyo korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlarini yengillashtiruvchi va modernizatsiya qiluvchi, yangi mahsulotlar hamda yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi. “Eng yaxshi innovatsion gʻoya” sifatida eʼtirof etilgan loyihalarni korxonalarda amalda tatbiq etish rejalashtirilgan. Ishtirokchilar oʻz loyihalarini soha ekspertlariga taqdim etishdi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari Yevgeniy Korjikov bilan rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Unda tarmoq korxonalari rahbarlari, D.I.Mendeleev nomidagi RKTU, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti vakillari ham ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy suhbat oʼtkazildi. Doʻstona va koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan uchrashuvda ishtirokchilarning takliflari va fikrlari tinglandi.
Milliy forumning tantanali yopilish marosimida “Zakovat” intellektual oʻyini, shaxmat musobaqasi, “Eng yaxshi innovatsion gʻoya” tanlovida gʻolib boʻlgan ishtirokchilar munosib taqdirlandi. Ularga pul mukofotlari, diplom-sertifikatlar, qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati