Kimyo sanoati rivoji — iqtisodiy oʻsish drayveri: tadbirkorlar tarmoq bilan muloqot tashkil etildi

// 14 March 2026 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (2.6 MB)

Poytaxtimizda Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev raisligida respublikadagi kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. 

Unda masʼul vazirlik va idoralar, “Oʻzkimyosanoat” AJ rahbarlari ham qatnashib, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan ochiq va amaliy muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda kimyo sanoatidagi mavjud muammolar, ishlab chiqarish jarayonlarida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalar hamda ularni hal etish boʻyicha takliflar muhokama qilindi. 

Tadbir ochiq muloqot ruhida oʻtgani tadbirkorlarga oʻz fikr va tashabbuslarini erkin bildirish imkonini berdi.

Joriy yilda kimyo mahsulotlari eksporti hajmini 720 million dollarga yetkazish koʻzda tutilmoqda. Shu bois, tarmoq oldida ulkan vazifalar turibti. Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi uchun zarur mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsad qilingan. Xususan, azotli oʻgʻitlar ishlab chiqarishni 1 million 120 ming tonnaga, fosforli oʻgʻitlarni 135 ming tonnaga, kaliyli oʻgʻitlarni esa 222 ming tonnaga yetkazish boʻyicha ishlar boshlangan. 

Tadbir davomida kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish hamda muammoli masalalarni tezkor hal qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar tomonidan tarmoqda ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va eksport salohiyatini kengaytirish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar sohani yanada rivojlantirish, investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.