Kimyo sanoati korxonalari vakillari va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi

// 19 June 2026 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (928.44 KB)


“O‘zkimyosanoat” AJ hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorligida kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.



Tadbir davomida texnik jihatdan tartibga solish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro standartlarni joriy etish, mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish hamda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.



Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmoniga muvofiq, tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda sohada zamonaviy mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. Muloqot jarayonida eksport bozorlari talablariga mos standartlarni joriy etish, standartlashtirish tizimini yanada rivojlantirish, xalqaro standartlarni qabul qilish sur’atlarini oshirish, bozor nazoratini takomillashtirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.



Shuningdek, kimyo sanoati yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan STQ 20 “Kimyo sanoati” texnik qo‘mitasining faoliyati, xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha istiqboldagi rejalar hamda korxonalarga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.