Kasb va mehnat kuni

// 05 May 2026 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (2.15 MB)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror va farmonlariga muvofiq, joriy yildan boshlab 5-may -  “Kasb va mehnat kuni” sifatida har yili keng nishonlanmoqda.

 

Ushbu tashabbus jamoatchilik, ayniqsa yoshlar orasida kasblarga qiziqishni oshirish va kasbiy ta’limni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlarni izchil amalga oshirishni nazarda tutadi.

Shu munosabat bilan, bugun poytaxtimizdagi "Alpomish" muz saroyida “Kasblar festivali” tashkil etildi. Mazkur tadbirda mahalliy va xorijiy yirik ish beruvchi kompaniyalar, vazirlik va idoralar bilan bir qatorda “O‘zkimyosanoat” AJ ham faol ishtirok etdi.Festival doirasida ishtirokchilarga ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar va sohadagi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan kasblar bo‘yicha mutaxassislar bilan muloqot qilish, amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lish hamda kelgusi faoliyati uchun muhim tavsiyalar olish imkoniga ega bo‘ldilar.

“O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan taqdim etilgan ko‘rgazmalar va mahsulot namunalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kompaniya vakillari yoshlarga kimyo sanoatidagi zamonaviy yo‘nalishlar, ish o‘rinlari va rivojlanish istiqbollari haqida ma’lumot berdilar. Ushbu tadbir yoshlarning kasb tanlashida muhim ahamiyat kasb etib, ularning sanoat sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi.