“Innovatsion tadqiqotlar, kimyo sanoatida ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish muammolari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman

// 26 October 2024 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (7.19 MB)

Bugun “Oʻzkimyosanoat” AJ hamda Innovatsion rivojlanish agentligi bilan hamkorlikda “Innovatsion tadqiqotlar, kimyo sanoatida ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish va tatbiq etish muammolari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 10-oktabrdagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan ushbu anjumanda Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Saudiya Arabistoni va mamlakatimizdan kimyo va gaz-kimyo sanoatining ilm-fan, ishlab chiqarish, texnologiyalar ishlab chiquvchilari, shuningdek, yetakchi xorijiy investorlar ishtirok etdi.

Konferensiyadan koʻzlangan maqsad - ilm-fan va biznesning oʻzaro hamkorligi uchun maydon yaratish, samarali tashabbuslarni amalga oshirishda ilmiy gʻoyalar va tajriba almashish, aloqalarni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Ishtirokchilar akrilamid ishlab chiqarishning biotexnologik usuli va mahsulot turini yanada kengaytirish, Oʻzbekistonda yashil vodorod olishning innovatsion texnologiyasini joriy etish, plazma yordamida metandan sof vodorod va qattiq uglerod olishning ekologik xavfsiz texnologiyasini yaratish, reaktiv oligomerlar va polimerlar sohasidagi tadqiqotlar, fosfogipsni kompleks qayta ishlash (ishlab chiqarish chiqindilari) kabi sohalardagi innovatsiyalar boʻyicha oʻzaro fikr almashdilar.

Tadbir yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston uchun eng dolzarb loyihalar portfelini shakllantirish uchun innovatsion ishlanmalar roʻyxati shakllantirildi.

 “Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati