
Bugun “O‘zkimyosanoat” AJ va KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Koreya Respublikasiga yo‘l oladigan 20 nafar kimyo mutaxassisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tinglovchilar Koreyada ilg‘or kimyoviy tadqiqot uskunalari bo‘yicha 3 oylik o‘quv dasturida ishtirok etadi. Dastur Korea Research Institute of Chemical Technology (KRICT) bazasida, Koreya Respublikasining Daejeon shahrida tashkil etilgan bo‘lib, nazariy mashg‘ulotlar hamda ustoz-shogird shaklidagi amaliy tayyorgarlikni qamrab oladi.

Tadbirda KOICA O‘zbekiston ofisi direktor o‘rinbosari Pak Songmin, “KRICT direksiyasi” MChJ loyiha direktori Akmal Mahmudov, “O‘zkimyosanoat” AJ xodimlari hamda tinglovchilar ishtirok etdi.
Mazkur dastur O‘zbekiston Kimyoviy Texnologiyalar Markazini tashkil etish va uning institusional salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Ishtirokchilarga dasturning maqsad va vazifalari, o‘quv jarayoni tuzilmasi, shuningdek, xorijda ta’lim olish davomida professional yondashuv va samarali o‘qish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

90 kunlik dastur doirasida tinglovchilar kimyoviy instrumental tahlil sohasida chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Jumladan, ilmiy uskunalardan samarali foydalanish, olingan natijalarni tahlil qilish va talqin etish, ishonchli xulosalar shakllantirish hamda ularni sanoat amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha tajriba orttiradi.

Ta’kidlash joiz, tinglovchilar orasida PhD va DSc ilmiy darajasiga ega olimlar va professorlar ham bor. Bu esa olingan bilim va tajribani keng miqyosda ommalashtirish hamda institutning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Bunday xalqaro ilmiy hamkorlik mamlakatimizda innovatsiyaga tayangan, raqobatbardosh kimyo sanoatini rivojlantirishga xizmat qiladi.