“O`zkimyosanoat” AJ “Edf Group”, “Siemens Energy” va “Stone City Energy Insolar Bv” kompaniyalari bilan muzokaralar o`tkazdi

// 18 February 2022 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (253.23 KB)

2022-yilning 17-fevral kuni “O`zkimyosanoat” AJ da yirik qo`shma loyihalar bo`yicha “EDF Group” Vitse-prezidenti, Yevropa va Markaziy Osiyo direksiyasi uchun mas’ul Mark Jirard boshchiligidagi Fransiyaning “EDF Group” delegatsiyasi, Germaniyaning “Siemens Energy” va Niderlandiyaning “Stone City Energy Insolar Bv” kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar bo`lib o`tdi.

Uchrashuv davomida “Navoiyazot” AJ da yangi elektr stansiyasi qurish loyihasi muhokama qilindi. Shuni alohida ta’kidlash lozim, loyihaga ko`ra qurilishi rejalashtirilayotgan yangi zamonaviy energoblok “Navoiyazot” AJ, uning tarkibidagi klaster va kimyo sanoati korxonalarini muqobil energiya manbalari, elektr, issiqlik va quyosh energiyasi bilan ta’minlashi ko`zlangan. Asosiy e’tibor esa kimyo sanoatida yashil energetika ya’ni quyosh energiyasidan foydalanishni amaliyotga joriy qilishga qaratildi. Tomonlar yangi elektr stansiyasining quvvatini qayta ko`rib chiqish va qisqa muddatlarda tegishli takliflarni ishlab chiqib, navbatdagi muzokaralarni boshlashga kelishib olishdi.

Ma’lumot o`rnida ta’kidlab o`tish lozim Fransiyaning nufuzli “EDF Group” kompaniyasi energetika sohasida  past uglerod o`sishi darajasi bo`yicha dunyoda yetakchilardan sanaladi.

“O`zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati