Xabar berib borayotganimizdek, “Oʻzkimyosanoat” AJ ishchi guruhi tomonidan joylarda aholi muammolarini oʻrganish ishlari davom etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda tomorqalardan samarali foydalanishni tashkil etish orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan “Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyati va masʻullaridan iborat ishchi guruhi hududlarda oʻrganish ishlarini amalga oshirmoqda.
Xususan, Jamiyat ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining “Bozortepa” MFYda joylashgan 19-maktab, “Obod” MFYda joylashgan 51-maktab hamda 10-maktabgacha taʼlim muassasalarining holati oʻrganildi. Ulardagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy choralar koʻrilishi belgilandi.
Shuningdek, mahallalarning ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olindi, malakali shifokorlar bepul tibbiy maslahatlar koʻrsatdi. Xayriya yordamlari tarqatildi.
Shu bilan birga, aholining boʻsh turgan tomorqalaridan samarali foydalanishlarini tashkil etishda koʻmaklashish maqsadida koʻchatlar tarqatildi. Tomorqalarni obodonlashtirish uchun maxsus texnikalar yoʻnaltirildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati