“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida amalga oshirilgan loyihalar va istiqboldagi rejalar xususida maʼlumot berildi

// 12 December 2025 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (35.91 MB)

Joriy yilning 11-dekabr kuni “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki faoliyati, unda ayni paytga qadar amalga amalga oshirilgan loyihalar va kelgusi rejalariga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Texnopark rahbariyati, rezidentlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-116-sonli qaroriga asosan “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan tashkil etilgan. Texnoparkning jami hududi 27,1 gektar boʻlib, 3 ta ishlab chiqarish maydonidan iborat. Texnopark infratuzilmasi tizimiga jami 25 mln AQSH dollar miqdorida sarmoya ajratilgan boʻlib, 75,6 ming.kv.m ishlab chiqarish binolari, 8,2 ming.kv.m maʼmuriy binolar foydalanishga topshirilgan.

Hozirgi kunda Texnopark hududida turli xil davlatlardan 25 ta investitsiya loyihalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ularga rezidentlik maqomi berilgan. Rezidentlar tomonidan shu kunga qadar umumiy qiymati 100 mln AQSH dollarlik investitsiyalar oʻzlashtirilib, 954 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi. 26 mln AQSH dollarlik mahsulotlarni eksport qilishga erishildi hamda 798 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi. Rezidentlar tomonidan byudjetga jami 75 mlrd soʻm soliq tushumlari amalga oshirildi.

Birgina 2025 yilning oʻzida Texnoparkda umumiy qiymati 36,5 mln AQSH dollari boʻlgan 8 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 312 nafar yangi ish oʻrinlari tashkil etildi.

Texnopark hududida Taʼlim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, kasb-hunarga oʻqitish hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida joriy yilda Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda “Intellektual kimyo-texnologiya tizimlari” ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etildi.
Bu yerda magistr talabalar uchun kimyoviy texnologiya, texnologik jarayonlarni va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish hamda kimyoviy texnologik jarayonlar va apparatlar  mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv jarayonlari olib borilmoqda.

Matbuot anjumani davomida texnoparkda shu kunga qadar amalga oshirilgan loyihalar bilan birga istiqbolga moʻljallangan rejalarga ham batafsil toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, 2026 yilda umumiy qiymati 40 mln AQSH dollarlik 5 ta investitsiya loyihalar paketi shakllantirilgan boʻlib, ularni amalga oshirish natijasida jami oʻzlashtirilgan investitsiyalar miqdorini 140 mln AQSH dollariga yetkazish hamda 1 019 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 28 mln AQSH dollarlik mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirish maqsad qilingan.

Shuningdek, bugungi kuning muhim masalalaridan biri boʻlgan energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni joriy etish maqsadida Texnopark hududida quvvati 4 MW boʻlgan quyosh panellarini (quyosh elektr stansiyasini) oʻrnatish xisobiga yiliga taxminan 5,6-6,4 million kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarish hamda Texnopark  energiya ehtiyojining bir qismini qoplash va tashqi tarmoqqa bogʻliqligini kamaytirish rejalashtirilgan.

Texnoparkda amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini hisobga olgan holda uning hududini kengaytirish va yana 9 ta yangi loyihani joylashtirish maqsadida, Toshkent viloyati, Qibray tumani “Baytqoʻrgʻon” QFY va “Koʻprikboshi” MFY hududlaridan 20 gektar yer maydonini ajratish belgilangan.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati