“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi

// 21 January 2022 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (528.68 KB)

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan hozirgi kunda Chirchiq shahrida qurilayotgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga Tatariston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri A.Karimov boshchiligidagi delegasiya a’zolari tashrif buyurdi hamda ushbu texnoparkda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Delegasiya a’zolari texnopark inshootlari qurilishining borishi bilan tanishdilar va qurilayotgan har bir ishlab chiqarish bo‘linmasiga tashrif buyurdilar. Uchrashuv davomida har bir binoning o‘lchamlari, muhandislik infratuzilmalari, mavjud yuklamalar va tarmoqlarning imkoniyatlari hamda delegasiya a’zolarini qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Undan so‘ng “Maxam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyatining Kimyogarlar saroyida kimyo-industrial texnoparkida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari va ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Taqdimotda Tatariston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri A.Karimov boshchiligidagi delegasiya a’zolari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari X.Teshaboev, “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari E.Korjikov, Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari N.Sharipov, Chirchiq shahar hokimi D.Hidoyatov va ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mazkur texnoparkning umumiy maydoni 31,2 gektar bo‘lib, 2 ming 200 ta ish o‘rinlari yaratiladi. Muhandislik infratuzilmasi imkoniyatlari ham yetarlicha ta’minlangan. Shuningdek, bu yerda sanoat binolari 133 ming kvadrat metr, ma’muriy binolar 11 ming 700 kvadrat metr, omborxonalar tarmog‘i esa 30 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Taqdimot davomida investitsiya loyihalarini taklif qilayotgan rezidentlar uchun bir qator shartlar belgilanganligiga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ishlab chiqaruvchi asbob-uskunalarni olib kelish uchun soliq va bojxona imtiyozlari berilayotgani, muhandislik infratuzilmasi uchun yer uchastkalarini berish borasida elektr, suv va gaz ta’minoti, drenaj, internet va aloqa tarmoqlari, avtomobil yo‘llari va temiryo‘l xizmatlari taklif etilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Taqdimotdan so‘ng tataristonlik mutaxassislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Kunning ikkinchi qismida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida 20 dan ortiq loyihani amalga oshirish va ishlab chiqarish ob’ektlarini texnopark hududida joylashtirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

“O‘zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati