Bugungi kunda atrof-muhit muhofazasi va ekologik barqarorlik masalalari global miqyosda dolzarb ahamiyat kasb etib, har bir tashkilotdan ushbu yo‘nalishda masʼuliyatli yondashuvni talab qilmoqda. 22-oktabr — “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ ham ushbu ekologik tashabbusda faol ishtirok etdi.
Mazkur loyiha doirasida jamiyat xodimlari o‘z shaxsiy transport vositalaridan foydalanmasdan, ish joylariga piyoda, velosipedda yoki jamoat transportida harakatlanishni afzal ko‘rdilar. Ushbu harakat orqali tashkilot jamoasi aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, atmosfera havosining ifloslanishini kamaytirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish kabi muhim qadriyatlarni ilgari surmoqda.
“Oʻzkimyosanoat” AJ faoliyatida ekologik xavfsizlik va barqaror rivojlanish tamoyillariga sodiqlik asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Jamiyat nafaqat kimyo sanoatining raqobatbardoshligini oshirish, balki ishlab chiqarish jarayonlarida ekologik meʼyorlarga qatʼiy rioya qilish orqali ijtimoiy masʼuliyatli tashkilot sifatida ham faoliyat olib bormoqda.
“Avtomobilsiz kun” doirasidagi ushbu tashabbus – kichik bo‘lsa-da, katta ijtimoiy va ekologik ahamiyatga ega bo‘lgan qadamlardan biridir. Biz barcha yurtdoshlarimizni ushbu harakatga qo‘shilishga, kundalik hayotda ham ekologik ongni shakllantirish va tabiatga nisbatan eʼtiborli bo‘lishga chorlaymiz.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati