“Ammofos-Maxam”AJda amalga oshirilgan loyihalar va istiqboldagi rejalar xususida maʼlumot berildi

// 09 April 2026 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (73.12 MB)

Joriy yilning 8 aprel kuni «Oʻzkimyosanoat» AJ tomonidan «Ammofos-Maxam» aksiyadorlik jamiyati faoliyati, bugunga qadar amalga oshirilgan loyihalar va istiqboldagi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda korxona rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, ishlab chiqarish natijalari va rivojlanish strategiyasi yuzasidan atroflicha maʼlumotlarga ega boʻldilar.

«Ammofos-Maxam» AJ Qizilqum fosforitlari asosida murakkab azot-fosforli mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik sanoat korxonalaridan biri boʻlib, mamlakat kimyo sanoatining yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan sanaladi.

2025 yil yakunlariga koʻra, korxona yuqori ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini qayd etdi. Reja boʻyicha 206,52 ming tonna (fizik holda) tovar mahsuloti ishlab chiqarish belgilangan boʻlsa, amalda bu koʻrsatkich 223,3 ming tonnani (101,25 ming tonna sof holda) tashkil etdi. Bu esa rejaning qiymat jihatidan 1 594,3 mlrd soʻmga bajarilishini va oʻsish surʼati 114,3% ga yetganini koʻrsatadi. Ishlab chiqarish tarkibida asosiy ulushni ammofos (208,87 ming tonna) va suprefos (14,42 ming tonna) egalladi.

Sotuv koʻrsatkichlari ham ijobiy dinamikani namoyon etdi. Rejadagi  1 516,1 mlrd soʻm oʻrniga amalda 1 627,8 mlrd soʻmlik mahsulot realizatsiya qilindi. Bunda asosiy eʼtibor ichki bozorga qaratildi: ammofos savdosi 1 556,3 mlrd soʻmni, suprefos esa 52,1 mlrd soʻmni tashkil etdi. Eksport yoʻnalishida ham muayyan natijalarga erishildi. Jami 2 630 tonna mineral oʻgʻitlar 1,429 mln AQSH dollari qiymatida xorijiy bozorlarga yetkazib berildi. Mahsulotlar Afgʻoniston, Tojikiston va Qozogʻistonga eksport qilindi.

2026-yilning birinchi choragida ham korxona barqaror oʻsish surʼatini saqlab qolmoqda. Ushbu davrda 42,45 ming tonna ammofos ishlab chiqarilib, mahsulot qiymati 303,18 mlrd soʻmni tashkil etdi. Bu esa oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 107,1% oʻsishni anglatadi. Korxonada mehnat muhofazasi va ijtimoiy himoya masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi. Jamoatchilik nazorati kuchaytirilib, soha faollari soni 45 nafardan oshdi. Gender tenglikni taʼminlash maqsadida maxsus komissiya faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Shu bilan birga korxonada xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham usuvorlik berilmoqda. Kasaba uyushmasi mablagʻlari hisobidan 44 nafar xodimning salomatligini tiklashiga koʻmaklashildi, 24 nafar ishchining jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam ajratildi. Shuningdek, kam taʼminlangan oilalar va mehnat faxriylariga ham doimiy eʼtibor qaratilib, 19 nafar xodim qoʻllab-quvvatlandi.

Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yoʻnalishida ham salmoqli natijalar qayd etildi. 2025-yil davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 87 919 tup daraxt va buta koʻchatlari, shuningdek, 12 000 dona gul ekilib, hudud koʻkalamzorlashtirildi. Mutaxassislarning malakasini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilib, masʼul xodimlar zamonaviy ekologik standartlar boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtdilar.

 2026-yilning yanvar-mart oylari davomida “Ammofos-Maxam” aksiyadorlik jamiyatida atrof-muhit muhofazasi va ekologik barqarorlikni taʼminlash borasida samarali ishlar olib borildi. Mazkur davr mobaynida jami 0,193 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, 4 ta muhim ekologik tadbir hayotga tatbiq etildi.

2026-yilning yanvar–mart oylarida atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha 4 ta muhim tadbir amalga oshirilib, bu ishlarga 0,193 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori 0,35 tonnaga kamaytirildi. Shuningdek, 2 032,32 tonna ishlab chiqarish chiqindilari belgilangan tartibda utilizatsiya qilindi.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.