Hamkorlik izchil rivojlanmoqda

// 28 December 2014 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (47.25 KB)

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 26 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha hukumatlararo qo'shma komissiyaning navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, bank-moliya, savdo-sanoat, sarmoya, bojxona, yoqilg'i-energetika, avtomobilsozlik, transport va transport kommunikatsiyalari, qishloq va suv xo'jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, sayyohlik va aviatashuv kabi sohalarda faoliyat ko'rsatayotgan qator vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari, komissiya hamraisi Rustam Azimov mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda, jumladan, iqtisodiy yo'nalishda ham izchil rivojlanib borayotganini, ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bunda muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilayotganini alohida ta'kidladi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning shu yil noyabr oyida Qozog'iston Respublikasiga rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlarni yangi bosqichga ko'tarish uchun imkoniyatlar yaratdi.

O'zbekiston-Qozog'iston munosabatlarining huquqiy asosi o'zaro hamkorlikning barcha sohalarini qamrab olgan. 1998 yilda imzolangan O'zbekiston Respublikasi bilan Qozog'iston Respublikasi o'rtasida Abadiy do'stlik to'g'risidagi shartnoma, 2013 yilda imzolangan Strategik sheriklik to'g'risidagi shartnoma ularning asosini tashkil etadi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy yo'nalishda 2007-2016 yillarda iqtisodiy hamkorlik strategiyasi, erkin savdo, sarmoyalarni o'zaro rag'batlantirish va himoyalash, ikki tomonlama soliqdan qochishga oid bitimlar bor.

Qozog'iston O'zbekistonning muhim savdo sheriklaridandir, ikki tomonlama savdo aloqalari izchil taraqqiy etmoqda. Hamkorlikni rivojlantirishdan katta manfaatdorlik tufayli o'zaro savdo aylanmasi hajmi ham jadal sur'atlar bilan o'smoqda. Xususan, 2013 yil yakunlari bo'yicha o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 14 foiz o'sib, 3,2 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil qildi. Joriy yilning o'tgan to'qqiz oyida esa bu ko'rsatkich 3 milliard dollardan oshdi.

O'zaro investitsiya hamkorligi ko'lami ham muntazam kengaymoqda. Qozog'istonlik ko'plab ishbilarmonlar O'zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda, mamlakatimizga investitsiya kiritib, qo'shma korxonalar tashkil etayotir. Bugungi kunda O'zbekistonda Qozog'iston sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 180 korxona faoliyat ko'rsatmoqda, ushbu mamlakatning 4 firma va kompaniyasi mamlakatimizda o'z vakolatxonasini ochgan.

Tadbirda mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni yangi marralarga olib chiqish uchun ikki tomon ham ulkan imkoniyatlarga ega ekani qayd etildi. O'zbekiston bilan Qozog'iston o'rtasida o'zaro tovar ayirboshlashni yanada ko'paytirish, mahsulot turlarini kengaytirish, yuklarni tashish uchun qulay sharoitlar yaratish, tadbirkorlik sub'ektlari o'rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

– Mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo aylanmasining tobora o'sib borayotgani o'zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikning jadal rivojlanib borayotganidan dalolat beradi, – dedi Qozog'iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari, komissiya hamraisi Bakitjon Sagintaev. – Bugungi muzokara ikki davlat o'rtasidagi o'zaro istiqbolli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qiladi.

Transport va transport kommunikatsiyalari, mamlakatlarimizning ulkan tranzit salohiyatidan foydalanish sohasida o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish ikki tomonlama munosabatlarning yana bir ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Yuklarni tashishda, jumladan, temir yo'l transporti yordamida olib o'tish va yetkazib berishda o'zaro maqbul tarif preferentsiyalarini taqdim etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu transport koridorlarining raqobatdoshligini oshirish, ulardan yanada samarali foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Muzokarada ikki mamlakat Prezidentlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni atroflicha tahlil qilindi. O'zaro hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta'kidlandi. Anjumanda iqtisodiyotning turli yo'nalishlari, jumladan, transport va transport kommunikatsiyalari, tranzit, aviatashuv, neft-gaz kabi qator sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Qozog'iston delegatsiyasi poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

Iroda Umarova, O'zA