O'zbekiston iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda

// 05 June 2014 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (62.07 KB)

Toshkentda 5-6 iyun kunlari “O'zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusida xalqaro konferentsiya bo'lib o'tadi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu anjumanda 200 dan ortiq chet ellik olimlar, ekspertlar, investorlar hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbar va vakillari ishtirok etadi.

O'zA muxbirlari konferentsiyaning xorijlik ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

Mixail Kulik, “Sampo Rosenlew” kompaniyasi menejeri (Finlyandiya):

– O'zbekiston iqtisodiyoti jadal taraqqiy etmoqda. Shu bois ko'plab davlatlar mamlakatingiz bilan hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda.

Kompaniyamiz g'alla o'radigan kombaynlar ishlab chiqaradi. O'zbekiston g'alla mustaqilligiga erishgan kam sonli mamlakatlardan. Prezident Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo'jaligini rivojlantirish, g'alla hosildorligini oshirish, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlardan yaxshi xabardormiz. O'zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislar almashinuvini yo'lga qo'yish niyatidamiz.

O'zbekistonda qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirish, fermer va ishbilarmonlarga imtiyozlar yaratishga alohida e'tibor qaratilayotgani e'tiborga molik. Bu mamlakat iqtisodiyotining izchil rivojlanishi, oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishida muhim omildir.

Neo Po Im Doroti xonim, “Food Expertise” kompaniyasining savdo menejeri (Singapur):

– O'zbekistonda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va aholiga yetkazib berish jarayoni puxta shakllanganiga va bu bo'yicha katta tajriba to'planganiga guvoh bo'layapmiz. O'zbekiston nafaqat saxovatli tuprog'i, totli meva-sabzavotlari, balki qishloq xo'jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarini ishlab chiqarish sanoatining izchil rivojlanayotgani bilan ham faxrlansa arziydi. Mamlakatingizning ushbu yo'nalishda faoliyat yuritadigan firma va kompaniyalari bilan o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yish, muayyan kelishuvlarga erishish imkoniga ega bo'ldik.

O'zbekistonga birinchi kelishim. Bu go'zal mamlakat haqida ko'p eshitganman. Ayniqsa, Samarqandning dovrug'i butun olamga taralgan. Xalqaro konferentsiya doirasida uni ziyorat qilaman. Bu menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi.

Vitautas Ruzgas, Litva qishloq xo'jaligi instituti direktori:

– O'tgan yili Toshkentda o'tkazilgan “Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarni kompleks rivojlantirish va qiyofasini o'zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili” mavzusidagi xalqaro konferentsiyada ishtirok etgandim. O'shanda nafaqat poytaxtingizda, balki mamlakatingizning qishloq joylarida ham shahardagidan qolishmaydigan uylar barpo etilganini ko'rganman. Namunaviy loyihalar asosida bunyod etilayotgan zamonaviy uy-joylar qishloqlar qiyofasini tubdan o'zgartirish, ularga o'zgacha ko'rk va fayz bag'ishlash bilan birga, xalq hayotini obod, turmushini farovon qilmoqda.

O'zbekistonning bozorlari, do'konlar va savdo markazlarida bo'lib, mamlakatingiz oziq-ovqat sanoati yuksak darajada rivojlanganiga amin bo'ldim. Savdo rastalaridagi bejirim qadoqlangan har bir mahsulot yuqori sifati, tabiiyligi, xushta'mligi va, eng muhimi, O'zbekistonda ishlab chiqarilgani bilan e'tiborimni tortdi.

O'zbekistonning noz-ne'matlari butun dunyoda qadrlanadi. Saxovatli o'zbek zaminida yetishtirilayotgan totli meva-sabzavotlar Litvaga ham ko'proq borishini juda xohlardik.

Mamlakatingizning yalpi ichki mahsuloti barqaror sur'atlarda o'sib bormoqda. Barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar aholi turmush darajasi yuksalishida muhim omil bo'lmoqda.

O'zA, Iroda Umarova, Nodira Manzurova, 04.06.2014 18:52