Xotin-qizlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligini taʼminlash - pirovard maqsad

// 24 September 2024 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (334.11 KB)

Keyingi yillarda yangi Oʻzbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhasida ulkan ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Ayniqsa, yurtimizda ayollar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovordir. Turli vazirlik va idoralar qatorida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati jamoasi tomonidan ham xotin-qizlar faolligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga koʻmaklashish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhasida xotin-qizlar faolligini oshirishga qaratilgan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan milliy dastur qabul qilindi.

Hujjatda bir qator boshqarma va muassasalarda ayollar sonini kamida 30 foizga yetkazish, xotin-qizlarni oʻqitish hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻ va uy-joy sharoitini yaxshilashga subsidiyalar ajratish singari bir qator vazifalar belgilab berildi.

Bugungi kunda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida 28 ming 301 nafar mutaxassis faoliyat yuritadi, shulardan 9 ming 883 nafari, yaʼni 35 foizi ayollardir.

Taʼkidlash joizki, aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi tashabbusi bilan davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tizim korxonalarida xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimini joriy etish belgilandi.

Maslahatchilarning vazifalari qatoriga ayol xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ayollar hamda erkaklar uchun teng mehnat sharoitlarini taʼminlash, shuningdek, jamoa aʼzolarining oilalari farovonligini qoʻllab-quvvatlash kabi muhim tadbirlar kiradi. Oilada zoʻravonlik, ayollar hamda qizlarning huquqlarini poymol qilish holatlarining oldini olish, maktabgacha taʼlim muassasalarida baxtli onalik va bola parvarishi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash, xalqaro konvensiyalar va Oʻzbekiston milliy qonunchiligi meʼyorlarida belgilangan xotin-qizlar huquqlariga rioya etish jarayonlarini muntazam nazorat qilib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy faolligi, davlat va jamiyat boshqaruvidagi, onalik hamda bolalikni muhofaza qilishdagi rolini oshirish uchun shart-sharoit yaratilmoqda. Xodimlarimizning kasbiy oʻsishi, ilm-fan va ijod, jismoniy tarbiya hamda sport bilan shugʻullanishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun imkoniyatlar mavjud.

Uning ijrosi doirasida aksiyadorlik jamiyatining toʻrt nafar xodimi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Korporativ boshqaruvning zamonaviy amaliyoti va tamoyillari” boʻyicha qisqa muddatli kursda tahsil olib sertifikatlarga ega boʻldi. Va bu bilan Kuzatuv kengashi tarkibiga kirish huquqini qoʻlga kiritdi.

Ayonki, bugungi kunda ayollar bandligini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Shu bois “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xotin-qizlar bandligini taʼminlash borasida xayrli tashabbuslar amalga oshirilayotir. Xususan, davlatimiz rahbarining tegishli qarori ijrosi yuzasidan ipakchilik yoʻnalishi boʻyicha kimyo sanoati korxonalari xodimlarining oila aʼzolari uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratildi. Shu bilan birga, har bir korxonada yuqoridagi muammolarni hal qilishda oʻziga xos yondashuvlar qoʻllanildi.

Masalan, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xodimlarning ishsiz oila aʼzolari roʻyxati shakllantirildi. Karmana tumanidagi “Navoiy Silk Production” aksiyadorlik jamiyati, Navbahor tumanidagi “Al-Aziz Ipagi” klasteri bilan 100 nafar pillakorning hamkorligi asosida 112 nafar ipakchining bandligini taʼminlash maqsadida mehnat shartnomalari imzolandi. Jami 212 nafar avval ishsiz boʻlgan fuqarolar mavsumiy ish bilan taʼminlandi. Natijada pillachilar 10200 kilogramm pilla topshirdi. Shuningdek, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli boʻsh hududlarga 20 ming tup tut koʻchati ekildi.

Yana bir tizim korxonasi — “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyati bilan 125 kishini mavsumiy ishga joylashtirish boʻyicha shartnomalar tuzildi. Toshkent viloyatining Boʻka tumanida “Toshkent Silk Pro” MCHJ bilan 65 nafar, Ohangaron tumanida “Jinjuz Silk Co” MCHJ XK bilan 60 nafar fuqaro ishga joylashtirildi. Pillachilar sakkiz tonnadan ziyod pilla topshirib, korxona hududiga 20 ming tup koʻchat ekildi.

“Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati “Nurafshon Silk Co” MCHJ bilan shartnoma tuzib, yana 100 nafar fuqaroni vaqtincha ish bilan taʼminlash maqsadida ipak qurti yetkazib berishni tashkil etib, ularga 5900 kilogramm pilla, erkin maydonlarga ekilgan sakkiz ming tut koʻchati topshirildi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Maksam-Chirchiq” va “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyatlari hududlarida “Kimyogar ayollar bogʻi” barpo etildi.

Shuni ham taʼkidlash joizki, aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tashabbusi bilan ishlab chiqilgan xotin-qizlar bandligini taʼminlashga koʻmaklashish dasturi asosida “Oʻzkimyosanoat” va “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida milliy matolar — atlas, adras, beqasam, tabiiy ipak, kalava, jun va milliy matolarni qoʻlda ishlab chiqarish boʻyicha hunarmand ayollarni jalb etadigan “Navoiy adrasi” kasanachilik sexi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Pirovard maqsad esa, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan.

Sanobar ABDURAHMONOVA,

“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi.

Manba: "Xalq so'zi online" - https://xs.uz/uzkr/118981