O'zA: Sanoat yarmarkasi tadbirkorlarni birlashtirdi

// 11 November 2024 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (147.91 KB)

Yangiyo‘l tumani “Tinchlik” kichik sanoat zonasida “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” boshlandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yirik tarmoq korxonalariga mahalliy kichik va xususiy biznes korxonalari tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni yetkazib berishda kooperatsiya aloqalarini tashkil etishdir. Shu bilan birga, yarmarka “Metallurgiya, kimyo sanoati, elektroenergetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi texnikalari”ni ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan tarmoq va hududiy korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarni yanada mustahkamlash bilan birga kichik biznes sub’yektlari uchun ham yanada katta imkoniyatlar beradi.  

Shularni e’tiborga olib, ikki kun davom etadigan yarmarkada 10 ta tarmoq va vazirliklar hamda respublikaning barcha hududlaridan korxonalar o‘z mahsuloti bilan qatnashmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatidagi 242 ta korxona o‘zining 1,2 ming turdan ortiq mahsuloti bilan, shuningdek, mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan esa 50 ga yaqin korxona vakillari ishtirok etmoqda.  

Ochilish marosimida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, tadbirkorlar faoliyatiga rivoj tiladi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan iqtisodiyot tizimini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qulay investisiya muhitini yaratish, sanoat tuzilmasini diversifikatsiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash islohotlarning eng muhim yo‘nalishlariga aylandi.  

Toshkent viloyatida ham ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, importni optimallashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Hozirda xorijiy investisiyalar ishtirokidagi korxonalar soni 1 ming 700 tani tashkil etadi.  

Xususan, 2024 yil yakuni bilan 125 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Shundan 116 tasi yangi loyihalar, 60 tasi mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish hisobiga yangi mahsulotlar o‘zlashtirildi.  

Viloyatda so‘nggi uch yilda mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi 759 milliard so‘mdan 3,9 trillion so‘mga, qariyb besh barobarga o‘sgan. Yangiyo‘l tumanida boshlangan navbatdagi tarmoqlararo sanoat yarmarkasining o‘ziga xos tomoni shundaki, qatnashchilar Toshkent viloyati va mamlakatimizning istiqbolli mahsulotlari bilan to‘liq tanishmoqda.  

– “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 10 dan ortiq korxonalar yarmarkada 300 turdan ziyod mahsulotlarini namoyish qilmoqda, – deydi tashkilot bo‘lim boshlig‘i Abduhamid Salomov. – Xususiy tadbirkorlik sub’yektlari vakillari bilan kooperatsiya shartnomalarini tuzish bo‘yicha kelishuvlar bo‘lmoqda.  

– Korxonamiz 2023 yili ish faoliyatini boshlagan, – deydi Olmaliq quyuv mexanika zavodi rahbari Husayn Shirinov. – Hozirda 172 ish o‘rinlari yaratdik. Bizda asosan og‘ir tog‘-kon sanoati texnikalari uchun 40 turdan ziyod import o‘rnini bosadigan ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi. Ular asosan OKMK tizimidagi korxonalarga yetkazib berilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlardagi hamkorlarimiz bilan mahsulotlarimizni eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Bu yarmarkada ham faoliyatimizga qiziquvchilar ko‘paygan.  

– Zavodimiz Ohangarondagi sanoat zonasida joylashgan, – deydi “Premier elektronikc” korxonasi mas’ul xodimi Jahongir Hojiabdullayev. – Ishlab chiqarish tarmoqlarimizda 2 ming nafardan ziyod ish o‘rni yaratildi. Asosan, sovitkich, televizor, muzlatkich, chang yutkich va kir yuvuvchi 10 xildan ortiq maishiy texnikalar ishlab chiqariladi. Mahsulotlarimiz ichki bozorda xaridorgir. Barcha mamlakatimizning hududlarda servis xizmatlar ko‘rsatuvchi va savdo do‘konlari mavjud. Tojikiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Qirg‘izi Respublikasi kabi davlatlarga ham mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yilgan. Bu galgi sanoat yarmarkasida o‘z taqdimotlarimizni qilyapmiz. Buning uchun yaratilgan sharoitlardan xursandmiz.  

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur yarmarka yakuni bo‘yicha jami 600 milliard so‘mga yaqin shartnomalar tuzilishi kutilmoqda. Amalga oshirilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar mamlakatimiz sanoatiga ijobiy ta’sir etadi.  

 

A.Musayev, A.Alijonov (surat),

Мanba