Yaqinda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Kimyogar” oromgohida “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” ilmiy-intellektual forumi bo‘lib o‘tdi.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, tizim korxonalari hamda Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida tashkil etilgan ushbu forumda soha mutaxassislari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Forum doirasida shaxsiy rivojlanish bo‘yicha treninglar, mahorat darslari, sport musobaqalari, rahbar va yoshlar uchrashuvlari, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda “Eng yaxshi innovasion g‘oya” tanlovi tashkil etildi.
Xususan, 22 jamoa o‘rtasida o‘tgan “Zakovat” intellektual o‘yini qizg‘in va bellashuvlarga boy tarzda o‘tdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin “Maxam-Chirchiq” AJning “Born to Win” jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rinni Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Yashil yoqalilar” jamoasi egalladi. 3-o‘rin esa “Yangi O‘zbekiston” universitetining “Enigma” jamoasiga berildi. Bellashuvlar yoshlar uchun jamoaviy ishlash, tezkor fikr yuritish va bir-birini qo‘llab-quvvatlash salohiyatini rivojlantirishda katta maktab bo‘ldi.
Seminar-treninglarda malakali spikerlar ishtirok etdi. Ularda spiker Nuriddin Ubaydullayev ma’ruza qilib, yoshlarga shaxsiy o‘sish, vaqtni boshqarish, motivatsiya va yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish borasida yo‘l-yo‘riq va maslahatlar berdi.
– Bunday tadbirlar yosh mutaxassislarning tashabbuskorligini oshirishda, ularning innovasion g‘oyalarini ilgari surishda katta ahamiyatga ega, – dedi spiker N.Ubaydullayev. – Biz ularga imkoniyat yaratib bersak, ularning ijodiy salohiyati va yangicha yondashuvlari kimyo sanoati rivojiga xizmat qiladi. Muhimi, muloqot chog‘ida men ularning har biri aniq maqsadlar sari intilayotganiga guvoh bo‘ldim. Yoshlar orasidagi ishtiyoq, bilim olishga chanqoqlik va o‘z ustida ishlashga tayyorlik katta yutuqlar omilidir. Shu bois, talabalarning fikrlarini eshitish, g‘oyalarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash – jamiyatimizning barqaror va innovasion rivoji uchun muhim yo‘nalishlardan biridir.
“Eng yaxshi innovasion g‘oya” tanlovi esa forum doirasidagi asosiy tadbirlardan biri bo‘ldi. Unda 14 jamoa kimyo sanoatida mahalliylashtirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, tannarxni kamaytirish, xorijiy investisiyalarni jalb etish, ekologik xavfsizlik va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha loyihalarini taqdim etdi.
Tanlovda sanoat xavfsizligi, iqtisodiy samaradorlik, mineral o‘g‘itlar sifati va xomashyoni qayta ishlash orqali yangi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari alohida e’tiborga olindi. Jamoalarning bilimlari savol-javoblar orqali ham sinovdan o‘tkazildi.
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ham forum ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Unda “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Korjikov yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.
– Yoshlardan energiya va yangi qarashlarni ko‘ramiz. Biz ularning ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Chunki bugungi yoshlar ertangi sanoat rivoji uchun zarur kadrlar hisoblanadi. Yoshlar nafaqat yangi g‘oyalar, balki innovatsiyalarni hayotga tatbiq etishda ham yetakchi kuchdir. Ularning bilimga chanqoqligi, yangicha fikrlashi va harakatchanligi biz uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Biz ishonamizki, yoshlar salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish orqali sanoatni modernizatsiya qilish, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga erishish mumkin, –dedi u.
Forum yakunida “Eng yaxshi innovasion g‘oya”, “Zakovat” intellektual o‘yini va shaxmat musobaqalarida g‘olib chiqqan ishtirokchilar tantanali ravishda diplom, sertifikat va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mas’ullar ta’kidlaganidek, “Kimyo sanoati yosh mutaxassislari” forumi nafaqat yoshlar uchun bilim va tajriba maktabi, balki sanoatda innovasion yondashuvlarni rivojlantirish, ilmiy va ishlab chiqarish o‘rtasida integratsiyani mustahkamlash uchun muhim platforma hisoblanadi.