O'zbekiston Milliy matbuot markazida fermer va dehqon xo'jaliklariga ko'rsatilayotgan agrokimyoviy xizmatlarni yanada takomillashtirish masalalariga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
“O'zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi raisining o'rinbosari X.Bekbergenov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar samarasida kimyo sanoati ham jadal rivojlanayotganini alohida ta'kidladi.
Ayni paytda “O'zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarida turli mineral o'g'itlar, sun'iy tola, polimer materiallar, noorganik moddalar, energetika, oltin qazib olish va yengil sanoat uchun rezina-texnika buyumlari, kimyoviy reagentlar, qishloq xo'jaligida foydalaniladigan o'simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, defoliantlar, plyonka kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. O'nlab turdagi bunday mahsulotlar ichki bozordan tashqari xorijga eksport ham qilinmoqda.
“O'zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlar "Qishloqxo'jalikkimyo" hududiy aksiyadorlik jamiyatlarining tumanlardagi filiallari tomonidan qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga keng ko'lamli agrokimyo xizmatlari ko'rsatilayotgani, azot, kaliy, fosfor kabi o'g'itlarning yetarlicha va o'z vaqtida yetkazib berilishi samarasida hosildorlik ortmoqda. Bunda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 23 yanvarda qabul qilingan “Kimyo sanoati korxonalarini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish va qishloq xo'jaligiga agrokimyo xizmati ko'rsatishni yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori muhim omil bo'lmoqda.
“O'zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning sakkiz oyida fermer xo'jaliklariga kompost tayyorlash, mineral va organik o'g'itlarni dalaga yetkazish, paxta, g'alla, takroriy ekinlarga sepish, suspenziya (mineral o'g'itlar eritmasi) bilan ishlov berish, defoliatsiya tadbirlari uchun ko'rsatilgan agrokimyo xizmatlari miqdori 22 milliard so'mdan oshdi. Bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 4 milliard so'm ko'pdir.
Fermerlar va aholiga agrokimyoviy xizmatlar ko'rsatish bilan birga, ularning ehtiyojlariga yarasha mineral o'g'itlar ishlab chiqarishni kengaytirish choralari ham ko'rilmoqda. Ilgari chetdan olib kelingan mahsulotlar endilikda mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda. “Navoiyazot”, “Maksam-Chirchiq” va “Farg'onaazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatlarida azotli, “Ammofos-Maksam”, “Samarqandkimyo”, “Qo'qon superfosfat” korxonalarida fosforli, Dehqonobod kaliy o'g'itlari zavodida kaliy o'g'itlari tayyorlanmoqda. Bu qishloq xo'jaligi sohasining ushbu qimmatbaho o'g'itlarga bo'lgan ehtiyojini to'liq ta'minlash bilan birga, ularni eksport qilish imkonini ham bermoqda.
Anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
O'zA, Sayyora Shoeva, 18.09.2013