Ishlab chiqarish hajmi oshmoqda

// 13 March 2015 yil Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (46.86 KB)

Qashqadaryo viloyatidagi “Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi” unitar korxonasida keng ko'lamli qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. 

Prezidentimizning 2011 yil 17 noyabrdagi “Dehqonobod kaliyli o'g'it zavodini ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish (II-bosqich)” investitsion loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo'lmoqda. 

– Mazkur qaror ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi” bosh muhandisi Rahmat O'sarov. – Xususan, o'tgan yili Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda qayta ishlash majmuasining ikkinchi navbati qurilishi to'liq nihoyasiga yetkazildi. Ayni paytda rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda yillik ruda qazib chiqarish quvvati 1 million 400 ming tonnaga teng tog'-kon majmuasi hamda tashqi elektr energiya ta'minoti ob'ektlarini, oraliq masofasi uzunligi (qariyb 30 kilometr) jihatidan dunyoda yagona deb tan olinayotgan osma kanat yo'lini qurish davom ettirilmoqda. 

Ushbu ishlar amalga oshirilgach, korxonada kaliyli o'g'itlar ishlab chiqarish hajmi yiliga 600 ming tonna, ruda qazib olish esa 2 million 100 ming tonnaga yetadi. Ko'plab yangi ish o'rinlari yaratiladi. 

Ayni paytda qayta ishlash va tog'-kon majmualariga yuqori malakali kadrlar ishga qabul qilinmoqda. Osma kanat yo'liga xizmat ko'rsatuvchi xodimlarni tanlov asosida ishga olish rejalashtirilgan. 

“Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi”da 1 ming 800 dan ziyod ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. Ular orasida kasb-hunar kolleji bitiruvchilari ham ko'pchilikni tashkil etadi. 

– Dehqonobod agrosanoat kollejini tamomlab, mana shunday zamonaviy korxonada ishlayotganimdan xursandman, – deydi Oltiboy O'rolov. – Ishlab chiqarayotgan mahsulotimizning eksport qilinayotgani qalbimda iftixor tuyg'usini kuchaytiradi. 

Ma'lumotlarga ko'ra, korxona mahsulotlari Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog'iston, Iroq, Eron, Qirg'iziston, Turkmaniston va Turkiya kabi davlatlarga sotilmoqda. Joriy yilda mahsulot eksporti geografiyasini Shri-Lanka, Singapur va Afrikaning ayrim davlatlari hisobiga kengaytirish ko'zda tutilgan. 

O'tgan yili “Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi”da mahsulot ishlab chiqarish 15,9 foizga o'sdi. Natijada eksportga yo'naltirilgan mahsulot hajmi 42,2 foizga oshdi. E'tiborlisi, tog'-kon majmuasi shaxtasida ruda qazib chiqarish avvallari xorijlik mutaxassislar ko'magida bajarilgan bo'lsa, o'tgan yildan bu ish to'liq mahalliy xodimlar tomonidan o'zlashtirildi. Korxonada kaliyli o'g'itlar ishlab chiqarish jarayonida chiqadigan chiqindi qayta ishlanib, texnik maqsadlarda foydalaniladigan tuz olishga erishildi. Bu kelgusida respublikamiz iqtisodiyoti korxonalarining texnik tuzga bo'lgan talabini to'la qondirish imkonini beradi. 

Zavod mutasaddilarining ta'kidlashicha, joriy yilda 280 ming tonnadan ortiq kaliyli o'g'it ishlab chiqarish va uning 208 ming tonnasini eksport qilish ko'zda tutilmoqda.

O'lmas Barotov, O'zA