Bir tomchi shabnamdek moʻjaz va tiniq elchi degan sof oʻzbekcha turkiy soʻzda qancha xikmat bor!
Bizning shunday ulugʻ sheʼriyatimiz bor, boylikda beqiyos ona tilimiz bor. Til millatning bosh belgisi hisoblanadi. Til bor — millat bor. Til yoʻq — millat yoʻq.
Xoliqi olam odamzodga idrok va Soʻz aytish neʼmatini berib, uni barcha xilqatlaridan ustun yaratdi, jonli va jonsiz olamga hokim qildi. Olamni idrok qilgan inson Soʻzni idrok qiladi. Soʻzni idrok qilib olamni yanada teranroq idrok qiladi. Soʻzning ildiziga yetgan kishi dunyoning tagiga yetgandek bahra topadi. Insoniyat tarixi soʻzlar qismatida yashirinib yotar ekan.
Olamni oxirigacha anglab boʻlmagandek, Soʻzning ham tubiga yetish imkonsizdir. Biz koʻzlamoq, koʻzikmoq, koʻzguning koʻzdan kelib chiqishini bilamiz, lekin koʻz nima sababdan koʻz deyilganini, nega uni birov ayn, birov chashm, birov glaz, birov ay deb atashini bilmaymiz. Nega toshni bizning ajdod tosh degan, boshqalar xajar, sang, kamen, stoun, shtayn ataganlar, bu yuzlab nomlar qayerdan kelgan, bilolmaymiz. Biz faqat farazlar qilamiz, asil haqiqat esa sirlar ummoni tubida yotibdi. Lekin baribir tinchimas idrok egasi boʻlgan odamzod gʻavvos boʻlib bu ummon ostini kezadi, kashfiyotlar qiladi va kashfiyotlari ham cheksizdir.
Oʻylasam, izlanishlarimiz kabi gʻofilligimiz-da poyonsiz ekan. Soʻzni eshitamiz, soʻzlashni qotiramiz, lekin Soʻz magʻzini chaqish aksar xayolimizga kelmaydi. Nega shunday deymiz, deya oʻzimizga savol bermaymiz. Bu sinoat toʻla olam bamisoli olisdagi yulduzlardek noayon qolaveradi. Uzum yedim, “uzum” dedim, bilsam, tokdan uzib yedim, degandek, oʻz qoʻlim bilan ishkomdan uzum uzaturib, bu soʻzning uzmoqdan olingani xayolimga kelgan edi. Axir ungan narsani unum, gʻuj oʻsgan mevani gʻujum, jamiyat tuzilishini tuzum, choʻgʻning qoʻridan qolgan kulni qurum, deymiz. Ogʻizga solib yutganimiz yutum, tomoqdan qult etib oʻtgan suv qultum boʻlganidek ishkomdan uzib yeganimiz uzum boʻladi-da, deya oʻz sodda kashfiyotimdan suyungan edim.
Ona tilimni muazzam va ulugʻ desam, eʼzozlab boshga koʻtarsam, buning boisi oʻzimniki boʻlgani, jonimga yaqinligi uchun emas. Shunga ishonganim, iymon keltirganim uchun, mening ham bir-ikki tildan xabarim boʻlib, qiyoslash imkoniyatlarim borligi uchundir.
Kumush Abdusalamova tayyorladi