Isteʼdodli shoira, jozibali nasriy asarlar muallifi Saida Zunnunova 1926-yili Andijon shahrida xizmatchi oilasida dunyoga keldi.
Otadan erta yetim qolgan Saida 1941-1943-yillarda Andijon pedagogika institutida tahsil oldi. Andijon maktablarida muallima, gazeta tahririyatlarida adabiy xodim boʻlib ishladi.
Saida Zunnunovaning birinchi sheʼri 1945-yili “Paxta fronti” gazetasida bosilgan.Adabiyotta muhabbat yosh shoirani Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitet)ning filologiya fakultetiga yetakladi. U oʻqishni tamomlab, “Gulxan” jurnali, “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasi va Badiiy adabiyot nashriyotida, shuningdek, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi boʻlib xizmat qildi.Saida Zunnunova ayni kamolot yoshida 1977-yili ogʻir xastalikdan keyin vafot etgan.
U yozuvchi Said Ahmadning sevimli rafiqasi edi. Ularning yolgʻiz qizlari va nabiralari bor.Shoiraning yoshlik sururi, Vatan shukuhi va mehnat nashidasini tarannum etuvchi “Qizingiz yozdi” (1948), “Yangi sheʼrlar” (1950), “Gullar vodiysi” (1954), “Qizlarjon”, “Bir yil oʻylari” (1967) sheʼriy toʻplamlari kitobxonlar tomonidan katta quvonch bilan qabul qilindi.Saida Zunnunova nasrda ham sermahsul ijod etgan adibadir. Uning “Gulbahor” hikoyalar toʻplamida (1956) ishchilar hayoti, oila va muhabbat mavzulari aks etgan boʻlsa, “Gulxan” (1958) qissasining asosiy qahramoni ayollar boʻlib, ularning yigirmanchi yillardagi kurashi oʻziga xos badiiy boʻyoqlarda ifodalangan. Adiba yozgan “Olov” (1962), “Boʻylaringdan oʻrgilay” (1972), “Direktor” kabi asarlarining qahramonlari ham ayollardir.
Yoʻqlamagan har kuning yilcha boʻlurmi, hay-hay,
Shunchalik shafqat bilmas dilcha boʻlurmi, hay-hay.
Xush surating bir nafas tark etmas xayolimni,
Koʻz shahlo-yu, qosh esa nilcha boʻlurmi, hay-hay.
Har soʻzda yuz andisha qilgʻum donoligʻingdan,
Koʻnglingning nozikligi qilcha boʻlurmi, hay-hay.
Goh xanjar, goh asaldek soʻzlaringdan dogʻdamen,
Jon olib, jon berguvchi tilcha boʻlurmi, hay-hay.
Vaslingning umidida dunyodan oʻtib borgum,
Qanoatda Saida filcha boʻlurmi, hay-hay.
CHOʻLI IROQ
Tarixni soʻzlama menga, ey odam,
Bitta chalib bergin «Choʻli iroq»ni.
Bitta chalib bergin, toki yana ham
Yaxshiroq ajratay qorani, oqni.
Bu kuy asrlarning baridan tortib
Choʻllarda toliqqan horgin karvonday
Ming xil taqdirlarni ustiga ortib,
Qalbimdan jimirlab oʻtadi qonday.
Tarixning eng olis qatlamlarida
Armonda uxlagan orzu-alamlar.
Dunyo manglayiga ajin tushirgan,
Dardni, qarilikni yaratgan gʻamlar.
Sahro chechagining ayanch kulgusi,
Yomgʻirdan jon kirgan tuproqning isi,
Hammasi oʻtadi qalbimni oʻyib.
Tuya boʻynidagi qoʻngʻiroqlarning
Tashnalik eslatgan jarangi boʻlib
Hammasi oʻtadi qalbimni oʻyib.
Tarixni soʻzlama menga, ey odam,
Bitta chalib bergin «Choʻli iroq»ni.
Bitta chalib bergin, toki yana ham
Yaxshiroq ajratay korani, oqni.
Haddidan oshganga uni chalib ber,
Doʻstlar diydorini gʻanimat bilmay,
Sarobga shoshganga uni chalib ber!
Chalib ber, chalib ber, andisha qilmay.
Oʻtmishni soʻzlama, oʻgit kerakmas,
Shu kuyni bir marta chalib bersang bas.
* * *
Anhor labida juft-juft soyalar,
Jilmayib oʻtaman koʻz qirin tashlab.
Goh xayol qurmagur olib ketadi,
Bahona topganday yoshlikka boshlab.
Yoʻq-yoʻq, men turmadim oydin tunlarda,
Suvlar yoqasida ishq oʻtida mast.
Men bunday damlarni yoʻlga termulib,
Intizor oʻtkazdim har on, har nafas.
Yoshligim, umrimni, halovatimni
Mardona topshirib vafo qoʻliga,
Oylarni, yillarni minutlab sanab,
Tunu kun qaradim yorning yoʻliga.
Hali begonaydik ajralishganda,
Koʻrishdik juda ham qadrdon, inoq.
Yulib olsa hamki hijron yor vaslin,
Qilib ketgan ekan unga yaqinroq.
* * *
She’r oʻqigim kelar,
Quyma satrlardan
Yuragimga tushsa jimgina larza.
Meni boshlab ketsa ajib tuygʻular
Yashillik yugurgan qir, adirlarga,
Yalang oyogʻimni silasa maysa.
She’r oʻqigim kelar,
Charchoq hislarga
Soʻlim va musaffo havo purkasa.
Qalbdagi boʻshliqni toʻldirib.
Olamni muattar islarga,
Yana chamanlarga burkasa.
She’r oʻqigim kelar,
Notinchlikka chanqoq,
Qanotli oʻylarga tashna yuragim.
Sergak etsa ohanglar, kuylar,
Oʻtkazdirib tunlarni uygʻoq,
Tashna labga oʻxshar yuragim.
She’r oʻqigim kelar...
* * *
Maysa nish uribdi ariq boʻyida,
Birinchi sevgidek biram begʻubor.
Quyoshga talpingan qiyoqlarida
Birinchi sevgining soddaligi bor.
Koʻrmagan saraton oftobini yeb,
Kuzning toʻzonlarin mutlaqo bilmas.
Bulut koʻz yoshidan taltayib, ishq deb,
Bahor yellariga koʻz tutadi mast.
Maysa nish uribdi ariq boʻyida,
Birinchi sevgidek biram begʻubor...
* * *
Gullar yuzida xanda - bu bogʻdan yor oʻtdimi,
Odatin qilmay kanda, yana bedor oʻtdimi?
Yellar nechun sarsari, ketolmaydilar nari,
Koʻnglimning moh paykari koʻzi xummor oʻtdimi?
Rayhonga rashk qilib gul, bagʻri qon boʻpti butkul,
Yana rayhon hidlab ul, bundan takror oʻtdimi?
Har narsada nur, viqor, hatto tuproq baxtiyor,
Bir-bir bosib beozor, ul beozor oʻtdimi?
Dilda takrorlab otin, tilab umru davlatin,
Soyasi boʻlib tagʻin Saida zor oʻtdimi?
QIZLARJON
Sevgi oʻt tashlasa yuragingizga,
Oydin tun bermasa tinchlik va uyqu.
Olam kuylaganday koʻrinsa sizga
Hamda asir etsa ajib bir tuygʻu
Tasalli izlaysiz hislaringizga,
Gʻazallar yodlaysiz varaqlab kitob.
Guldek qalbingizni yashnatar shunda
Sevgi satrlari boʻlib oftob.
Shunday kezda, qizlar, pok ishqingizga
Tarjimon boʻlolsa bironta baytim,
Sirdosh boʻlib qolsam hamisha sizga,
Shu mening orzuyim, shodligim, baxtim.
* * *
Yoshimni soʻrama, bema’ni bu oq
Oralay berarkan sochlarga har vaqt.
Shu oʻtgan ozgina umrimga biroq,
Hech vaqt achinmayman, shuning oʻzi baxt.
Xiyonat, gʻiybatni bilmadim sira,
Nodonlik yoʻliga qoʻymadim oyoq.
Ishqim boʻlsin, dedim, nurdek pokiza,
Balki shuning uchun sochimdagi oq.