Zarifa Saidnosirova 1908-yil 31-sentabrda Turkiston shahrida tugʻilgan. Kimyogar olima. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1968), professor (1970). Kimyo fanlari nomzodi (1945). Birinchi oʻzbek ayol rassomi. Taniqli maʼrifatparvar S. Mirjalilovning qizi, yozuvchi Oybekning rafiqasi.
Toshkentda “Pestolossi” maktabi (1922-26), Navoiy nomidagi taʼlim-tarbiya texnikumi (1924-36) va ayni paytda Rozanov tasviriy sanʼat studiyasi (1924-26) da oʻqigan. Soʻng Oʻrta Osiyo universiteti fizika-matematika fakultetining kimyo boʻlimini tugatib (1926-30), oʻrta maktablar, xotin-qizlar bilim yurti va ishchilar fakultetida fizika, matematika va kimyo fanlaridan dars bergan. Qishloq xoʻjalik institutida oʻqituvchi, dotsent va kafedra mudiri (1930-86), Toshkent tibbiyot institutida oʻqituvchi (1932-37), Oʻquvpedagogika nashriyotida muharrir (1934-35) boʻlib ishlagan.
Oʻrta maktablar va texnikumlar uchun “Kimyo” darsligi (1933) muallifi. Zarifa Saidnosirova pedagogik faoliyatidan tashqari, volfram kompleks birikmalari va kimyo terminlarining ruscha-oʻzbekcha lugʻati ustida ilmiy ish olib borgan. “Ximiyadan ruscha-oʻzbekcha qisqacha izohli lugʻat” (hamkorlikda, 1975), “Oybegim mening” (xotiralar, 1994) kitoblari chop etilgan.
Zarifa Saidnosirova Oybek adabiy merosini saqlash, tartibga solish va nashr etish ishiga katta hissa qoʻshgan. U adibning oʻzbek tilidagi 20 jildlik “Mukammal asarlar toʻplami” (1975-85)ni, rus tilidagi 5 jildlik “Asarlar”i (1985-87)ni nashrga tayyorlashda faol ishtirok etgan. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1985). Zarifa Saidnosirova 1986-yil 16-avgustda Toshkentda vafot etgan. Tasviriy sanʼatga oid ishlari Oybek uy-muzeyida saqlanadi.
U oʻzining “Oybegim mening ” xotiralar kitobida bunday eslaydi: “Men 1930-yildan boshlab, oʻrta maktablar uchun kimyodan darslik yozishni oʻylay boshladim. Buning uchun eng avval kimyo atamalarini ishlab chiqish kerak edi. Shuning uchun men atamalar bilan shugʻullana boshladim va ayni zamonda darslik yozishga ham hozirlik koʻrdim. Rabfaklar va texnikumlar uchun yozdigim “Anorganik kimyo” darsligi bosilib chiqdi. Hajmi 18 bosma toboq boʻlib, lotin harfi ila chop etilgan. Bu kimyo fanidan oʻzbek tilida chop etilgan birinchi darslik edi. Shu tufayli menga dotsentlik unvonini berdilar. Kitobga shoir Elbek muharrir boʻldi. U kamtarin, xushmuomala odam edi. Men 1931-1932-yillarda SAXIPI nashriyotiga kimyo boʻyicha atamalar kitobini topshirgan edim. Darslikdan soʻng u ham bosilib chiqdi. Oʻsha yillarda oʻrta maktablarning qariyb barcha sinflarida Verxovskiyning kimyo fani boʻyicha chiqargan kitoblari darslik sifatida oʻqitilar edi. Men shu darsliklarning koʻpini oʻzbek tiliga tarjima qildim”.