Biz buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz!

“Biz buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz!”

“Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyatdir. Biz yangi O'zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma'naviyat”.

Sh.M.Mirziyoev

“Biz o'z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug' maqsadni qo'ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug'beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta'lim va tarbiyani rivojlantirish, sog'lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g'oyamizning asosiy ustunlari bo'lib xizmat qilishi lozim.

Ushbu maqsad yo'lida yoshlarimiz o'z oldiga katta marralarni qo'yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko'mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo'lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro'yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi.

Shu maqsadda “Yangi O'zbekiston – maktab ostonasidan, ta'lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g'oya asosida keng ko'lamli islohotlarni amalga oshiramiz.

Birinchidan, yosh avlodga bog'cha, maktab va oliygohda sifatli ta'lim-tarbiya berishni yo'lga qo'yamiz, ular jismoniy va ma'naviy sog'lom, vatanparvar insonlar bo'lib ulg'ayishi uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Ikkinchidan, yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo'lgan insonlar etib voyaga yetkazamiz.

Uchinchidan, o'g'il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o'rgatish, ularda tadbirkorlik ko'nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarini ro'yobga chiqarish, ish va uy-joy bilan ta'minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Bir so'z bilan aytganda, bola tug'ilganidan boshlab, 30 yoshgacha bo'lgan davrda uni har tomonlama qo'llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o'rin topishi uchun ko'mak beradigan, yaxlit va uzluksiz tizim yaratiladi.

Dunyo tajribasi shuni ko'rsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga o'n, yuz barobar ko'p foyda keltiradi.

Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino, bundan ming yil oldin “Dovyurak va botir insonlar kelajakda sodir bo'ladigan qiyinchiliklardan qo'rqmaydi”, deb bejiz aytmagan”.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning

Oliy Majlisga Murojaatnomasidan