2025-yil davomida “Oʻzkimyosanoat” AJning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari haqida HISOBOTI

“Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan 2025-yil davomida  korrupsiya faktlariga doir murojaatlarni koʻrib chiqish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Avvalo, korrupsiya holatlari haqida xabarlar kelib tushishini taʼminlash maqsadida barcha turdagi aloqa kanallari (elektron pochta manzillari, rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa sahifalar) uzluksiz faoliyati taʼminlandi.

Maʼlumot uchun: Jamiyatning aloqa kanallari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanal va sahifalari orqali kelib tushadigan murojaatlarni qabul qilish uchun Komplayens ichki nazorat tuzilmasidan mas’ul xodim tayinlanib, murojaat kelib tushganda mas’ul xodim tomonidan murojaatni tegishli reyestrda roʻyxatga olish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Xabar ish vaqtidan tashqari paytda kelib tushgan taqdirda, bu xabar navbatdagi ish kunida aniqlashtirish uchun saqlanadi.

Korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash maqsadida mas’ul xodim tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar (xabarlar)ni haftalik tahlil qilishi amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Oʻtgan davr mobaynida jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir bir qator murojaatlari turli kanallar orqali kelib tushdi (shu jumladan, Jamiyat boshqaruvi raisi tomonidan jismoniy shaxslar hamda yuridik shaxslarning vakillari shaxsan qabul qilindi).

Jumladan, 2025-yil mobaynida “Oʻzkimyosanoat” AJga jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar tomonidan jami 448 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, barchasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari togʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga hamda tegishli qonun hujjatlariga muvofiq oʻrganib chiqilib, murojaat qiluvchilarga tegishli huquqiy tushuntirish berildi.

Maʼlumot uchun: murojaatlarning hududlar kesimi boʻyicha tahlili quyidagicha:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 29, - Andijon – 5, Buxoro – 14, Jizzax – 4, Xorazm – 2, Qashqadaryo – 107, Navoiy – 134, Namangan – 4, Samarqand – 5, Sirdaryo – 1, Surxondaryo – 1, Toshkent viloyati – 83, Fargʻona – 29, Toshkent shahri – 21, xorijiy davlatlardan– 9 ta murojaat.

Murojaatlarning mazmuniga koʻra tahlili:

Homiylik yordami koʻrsatish yuzasidan – 70 ta, ishga joylashish– 159 ta, ish haqini oshirish va olish yuzasidan – 41 ta, imtiyozli nafaqaga chiqish – 1 ta, qonun va tartibbuzilishlar – 48 ta, hamkorlik qilish – 8 ta, mineral oʻgʻitlar sotib olish– 25 ta, mineral oʻgʻitlar eksporti– 4 ta, konvertatsiya masalasi – 1 ta,  boshqa masalalar boʻyicha – 91 ta murojaat.

Tahlillarga koʻra, murojaatlarning 41 tasi qonun va mehnat intizomi buzilishi yuzasidan boʻlib, tekshirishlarda shulardan 16 tasi korrupsiyaga oid (“Dehqonobod kaliy zavodi” AJ – 5 ta, “Navoiyazot” AJ – 7 ta, “Maxam-Chirchiq” AJ – 1 ta, “Ammofos-Maxam” AJ – 1 ta, “Qoʻngʻirot soda zavodi” MChJ – 2 ta) ekanligi aniqlandi.

Mazkur murojaatlar boʻyicha oʻtkazilgan xizmat tekshiruvlari natijasiga koʻra,
11 nafar (“Navoiyazot” AJ – 6 ta, “Maxam-Chirchiq” AJ – 5 ta) xodimga nisbatan intizomiy choralar koʻrildi.

Maʼlumot uchun: “Maxam-Chirchiq” AJda 2 ta holatda moddiy tovar boyliklarni kichik miqdorda yashirin olib chiqilgan, 1 ta holatda oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan meʼyordan kam tarqatilgan. “Navoiyazot” AJda 2 ta holatda moddiy tovar boyliklarni kichik miqdorda yashirin olib chiqilgan. “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda
1 ta holatda davlat xaridi qonunchilik talablari buzilgan.

Kelgusida shu kabi korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida yuqoridagi holatlar “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiy korxonalarida rahbar va boshqaruv xodimlari ishtirokida yigʻilishlarda muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Korrupsiya xatarlari mavjud boʻlgan yoʻnalishlar, xususan, xaridlar boʻyicha, hamkorlar va isteʼmolchilarga mahsulotlarni yetkazib berish va xizmat koʻrsatish, mineral oʻgʻitlarni xarid qilish masalalari va boshqa yoʻnalishlar koʻrib chiqilib, axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarkibiy korxonalarida amalga oshiriladigan barcha jarayonlarni raqamlashtirish va inson omilini kamaytirish orqali korrupsion holatlarning oldini olishga alohida ahamiyat berildi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 16-iyundagi PQ-199-son qaroriga asosan kimyo sanoatini diversifikatsiya qilish, tarmoqni raqamlashtirish hamda moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan.

Mazkur qaror ijrosiga muvofiq kimyo sanoatini raqamlashtirish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJda Analitik markaz faoliyati tashkil etildi.

Tizim korxonalari faoliyati shaffofligini taʼminlash maqsadida davlat hamda nodavlat tashkilotlarining (soliq, mehnat, adliya, bank, moliya, birja, temiryoʻl va h.k.) elektron axborot platformalarini Analitik markazga integratsiya qilish natijasida ishlab chiqarish subyektlari, vakolatli omborlar, ekin maydonlari va fermerlar, xaridlar va birja savdolari, eksport va import, savdoga chiqarilgan mahsulotlar harakati, debitor va kreditor qarzdorlik, sarflanayotgan energoresurslar, manfaatlar toʻqnashuvi, davlat xaridlarini nazorat qilish va shu kabi boshqa muhim tahliliy maʼlumotlarni onlayn tarzda monitoring qilish hamda istiqboldagi rejalarni belgilash imkoniyati yaratildi.

Bayon etilganlarga koʻra, korrupsiyaga qarshi kurashish “Oʻzkimyosanoat” AJ faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan boʻlib, korrupsiya faktlariga doir barcha murojaatlar (xabarlar) qat’iy nazoratga olinadi va tizimni korrupsiyasiz sohaga aylantirish boʻyicha doimiy ravishda zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

 

 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Korrupsiyaga 
qarshi kurashish va komplayens 
boshqarmasi boshligʻi
M. Mavlyanov