“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruv raisining korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha murojaati

Hurmatli hamkasblar, qadrli jamoatchilik va aziz hamkorlar!
Bugun men sizlar bilan mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri - mineral oʻgʻitlar sanoatida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qatʼiy pozitsiyamizni bayon etish uchun murojaat qilmoqchiman. Bu sohadagi har bir harakatimiz nafaqat “Oʻzkimyosanoat”ning, balki butun Oʻzbekistonning taraqqiyotiga hissa qoʻshadi.
Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiya illatiga qarshi kurashish umumdavlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Xususan, 2025-yil 5-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan majlisda korrupsiyani bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar tanqidiy tahlil qilindi.
Majlisda Davlat rahbari: “Islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov - bu korrupsiyadir. Buni dunyo tajribasi ham toʻliq tasdiqlaydi. Korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar koʻrayotgani - bu global xavf ekanidan dalolat. Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga boʻlgan ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi”, - deb taʼkidladilar.
Jamiyatda korrupsiya muammosini jamoat muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim va muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi oʻrni va taʼsiri ortib borayotgani taʼkidlandi.
Yigʻilishda, shuningdek, hozirgi qonunchilikda korrupsiyaviy jinoyatlarning aniq roʻyxati yoʻqligiga eʼtibor qaratildi. Parlament tomonidan tasdiqlangan qonunda, asosan, jazoni kuchaytirish bilan cheklanib qolingani, korrupsiyaning oldini olish, fuqarolarni toqatsizlik ruhida tarbiyalash, profilaktika mexanizmlarini yaratish hamda jinoyatni fosh etishga koʻmaklashganlarni ragʻbatlantirish masalalari yetarlicha yoritilmagani qayd etildi.
Yigʻilish natijalariga koʻra, barcha vazirliklar, qoʻmita va agentliklar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, hamda xoʻjalik subyektlari rahbarlarining oʻz sohalarida korrupsiyaga qarshi samarali kurashish va manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish borasidagi masʼuliyati yanada oshirildi.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi va sanoatni rivojlantirishda mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishning oʻrni beqiyos. Bu mahsulotlar yurtimiz yerlarining serhosil boʻlishi, oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi va eksport salohiyatining oshishi uchun asosiy omil hisoblanadi. Shu bois, mineral oʻgʻitlarni ishlab chiqarish, ularni tashqi bozorlarga eksport qilish va zarurat boʻlganda, import jarayonlarini ham toʻgʻri tashkil etish — mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligi va rivojlanishining asosiy ustunlaridan biridir.
Bu muhim sohada korrupsiyaga yoʻl qoʻyish - nafaqat biznesga zarar yetkazish, balki mamlakatimiz obroʻsini tushirish, investorlar ishonchini susaytirish va iqtisodiy erkinliklarimizni cheklashga olib keladi. Shu bois, barcha sohalarda, ayniqsa mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish va savdosi yoʻnalishida shaffoflik va qonuniylik tamoyillariga qatʼiy amal qilishimiz zarur.
“Oʻzkimyosanoat” AJ bu yoʻnalishdagi davlat siyosatini toʻlaqonli qoʻllab-quvvatlaydi. Biz davlat organlari, jamoatchilik va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashishga doimiy eʼtibor qaratamiz. Faoliyatimizda elektron tijorat platformalari va monitoring tizimlari joriy etilmoqda, har bir operatsiyaning ochiq va shaffof amalga oshirilishi taʼminlanmoqda.
Sifatga eʼtibor qaratish - korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim yoʻnalishlaridan biridir. Zero, past sifatli yoki qalbaki mahsulotlar nafaqat iqtisodiy yoʻqotishlarga, balki atrof-muhitga ham jiddiy zarar yetkazadi. Shu bois, har bir mahsulotni ishlab chiqarish, eksport va import jarayonlarida davlat standartlari va xalqaro talablarga qatʼiy rioya etish barcha masʼullar uchun oliy maqsad hisoblanadi.
Biz ishlab chiqarayotgan mineral oʻgʻitlar nafaqat mamlakatimizda, balki jahon bozorida ham yuqori baholanmoqda. Bu esa xalqaro standartlar va shaffof eksport-import siyosatini talab etadi. “Oʻzkimyosanoat” AJ korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati orqali xalqaro hamkorlarimiz bilan ishonchli va mustahkam munosabatlar oʻrnatishga intiladi. Bu yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshiradi.
Qadrli hamkasblar!
Korrupsiyaga qarshi kurash - faqat davlat organlari yoki shirkat rahbarlarining vazifasi emas. Bu - jamoatchilik, har bir xodim va barcha sheriklarimizning faol ishtirokini talab qiladigan katta jamoaviy harakatdir. Biz korrupsiyani bartaraf etishda har bir shaxsning faol pozitsiyasi va shaxsiy masʼuliyatiga ishonamiz.
Shu bois, “Oʻzkimyosanoat” AJ oʻz faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik qiladi. Biz har qanday shubhali holatlarni tezda aniqlash va tegishli choralar koʻrishga doimo tayyormiz.
Joriy yilda joriy etilayotgan yangi texnologiyalar va elektron monitoring tizimlari orqali mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish, eksport va import jarayonlari doimiy nazoratda boʻladi. Bu tizimlar orqali har bir operatsiya shaffof va qonuniy amalga oshiriladi, korrupsiya xavflari esa minimal darajaga tushiriladi. Shu tarzda biz nafaqat kompaniyamizning faoliyatini yaxshilaymiz, balki butun tarmoqqa namuna boʻlamiz.
Hurmatli hamkasblar! 
Korrupsiyaga qarshi kurash - bu faqat qonunga rioya qilish emas, balki har birimiz uchun yuklatilgan oliy burchimizdir. Mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish va savdosi sohasida adolat va shaffoflikni taʼminlash orqali biz nafaqat kompaniyamiz, balki mamlakatimiz farovonligiga xizmat qilamiz.
Biz bunda birdammiz, bizda iroda bor, bizda maqsad bor. “Oʻzkimyosanoat” - rivojlanish va adolat markazi!
Keling, birgalikda korrupsiyaga qarshi qatʼiy turib, ishonchli, barqaror va taraqqiy etgan sanoatni barpo etaylik. Yosh avlodimizga obroʻli va moʻtabar meros qoldiraylik
Hurmat bilan,
 “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruv raisi
Temirov Odil Shukurovich