Hurmatli hamkasblar va hamkorlar!
Soʻnggi yillarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, byurokratiya va korrupsiyaning turli koʻrinishlariga qarshi kurashish mamlakatimizda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Buning yaqqol misoli sifatida sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi mazkur sohada boshlagan islohotlarning oʻziga xos huquqiy poydevori boʻlgan boʻlsa, “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” va “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonlari, shuningdek, “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni korrupsiyaning barvaqt oldini olishga qaratilgan muhim konseptual hujjatlar sifatida xizmat qilmoqda.
Albatta, mazkur natijalarning asosiy ijrochilari nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul idoralar, balki boshqa davlat idoralari va tashkilotlari, biznes hamjamiyati, fuqarolik jamiyati instituti vakillari va keng jamoatchilik ham hisoblanadi.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqidan iqtibos keltirmoqchiman: “Bizning jamiyatda bu illatga mutlaqo oʻrin boʻlmasligi uchun qattiq kurashamiz. Mana shunday prinsipial qarash jamiyatimiz hayotida mustahkam qaror topishi uchun barchamiz birgalikda qatʼiy harakat qilishimiz zarur”.
Bundan tashqari, Davlat Rahbarining har yilgi murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtilishi, ushbu sohada koʻplab qonun hujjatlarining qabul qilinishi bu sohaning davlat siyosati darajasida ahamiyatga egaligini koʻrsatib bermoqda.
“Oʻzkimyosanoat” AJ jamoasi oʻz zimmamizga yuklangan masʼuliyatni yaxshi anglaymiz va oʻz navbatida, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali amalga oshirish uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Tashkilot korrupsion harakatlarning har qanday shakl va koʻrinishlarini rad etadi, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan keskin murosasizlik shakllanishini taʼminlaydi.
Maʼlumki, korrupsiyaga qarshi samarali tizimni yaratish – murakkab jarayon, biroq bu muhim va zarurdir. Har birimiz bu ishda nafaqat mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga ongli ravishda rioya qilishimiz, balki bu ishga insoniylik burchimiz sifatida qarashimiz zarur. Pirovardida, farzandlarimiz va Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari faxrlanadigan qonun hujjatlari ustuvor boʻlgan mamlakatda yashaymiz!
“Oʻzkimyosanoat” AJ korrupsiyaga qarshi talablar va axloqiy meʼyorlarni hisobga olgan holda, oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni vijdonan bajaradi, qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qiladi, faoliyatining ochiqligini taʼminlaydi, teng raqobat tamoyillariga amal qiladi, halollik, ochiqlilik va vijdonlilikning korporativ madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratadi.
Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz, hamkorlarimiz va yurtdoshlarimizni ish yuritish standartlariga, korrupsiyaga qarshi tamoyillarga ogʻishmay rioya qilishga, manfaatlar toʻqnashuvi holatlariga yoʻl qo’ymaslikka, har qanday ehtimoliy qonunbuzarliklar haqida oʻz vaqtida xabar berishga yana bir bor chorlayman. Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning umumiy ishimiz va maslagimizga aylanmogʻi darkor. Bu ishda barchangizni hamjihatlikka chaqiraman.
Hurmat bilan,
“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi
Timur Muxamedjanov