
Xalqaro tadqiqotchilar guruhi ekologik toza vodorod ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqdi. Ushbu texnologiya ilk bor “yashil” vodorodni qazib olinadigan yoqilgʻidan ham arzonroq qildi.
Quyosh energiyasida ishlovchi yangi tizim vodorodning tannarxini har bir kilogrammi uchun 1,54 AQSH dollarigacha tushiradi. Bunda elektrolizning eng koʻp energiya talab qiladigan bosqichlaridan biri qishloq xoʻjaligi chiqindilaridan olinadigan shakarlardan foydalanish orqali almashtirilgan.Ushbu ishlanma Xitoy Qishloq xoʻjaligi universiteti va Nanyang texnologiya universiteti olimlari tomonidan amalga oshirildi.
Anʼanaviy elektroliz jarayonida suv vodorod va kislorodga ajratiladi. Biroq kislorod ishlab chiqarish katta energiya sarfini talab qiladi va qoʻshimcha iqtisodiy foyda keltirmaydi. Ana shu bosqich “yashil” vodorodni metandan olinadigan “kulrang” vodorodga nisbatan 3–5 barobar qimmat qiladi.
Yangi tizimda kislorod bilan bogʻliq reaksiya butunlay chiqarib tashlangan. Uning oʻrniga qishloq xoʻjaligi chiqindilaridan, masalan, paxta poyalari va bugʻdoy somonidan olinadigan glyukozaning oksidlanishi qoʻllaniladi. Bu reaksiyaning ishchi kuchlanishini standart suv elektrolizi bilan solishtirganda taxminan 400 millivoltga kamaytiradi.
Qoʻshimcha afzallik sifatida formiat — kimyo va rezina sanoatida qoʻllaniladigan qimmatli kimyoviy mahsulot hosil boʻladi. Uning bozor qiymati har bir kilogrammi uchun taxminan 4,63 AQSH dollarini tashkil etadi, bu esa vodorod ishlab chiqarish xarajatlarini yanada qoplashga xizmat qiladi.