"O'zkimyosanoat" AJ

Toshkentda sanoatni “yashil” texnologiyalarga o‘tkazish masalalari muhokama qilindi

// 08 September 2026 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/toshkentda-sanoatni-yashil-texnologiyalarga-o-tkazish-masala


Toshkent shahrida O‘zbekiston sanoat tarmoqlarini ilg‘or va ekologik jihatdan qulay texnologiyalarga o‘tkazish, sanoat ifloslanishini kamaytirish hamda ekologik modernizatsiya loyihalarini moliyalashtirish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik ekspertiza markazi, Jahon banki guruhi, xalqaro moliya institutlari, bank sohasi va sanoat korxonalari vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
 

Seminarda «O‘zkimyosanoat» AJning Ekologiya va yashil iqtisodiyot bo‘limi mutaxassislari ham faol ishtirok etib, sanoat korxonalarida ekologik barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy «yashil» texnologiyalarni joriy etish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish bo‘yicha masalalar yuzasidan fikr almashdilar.



Tadbir davomida sanoat ifloslanishini kamaytirish atmosfera havosini muhofaza qilish milliy dasturining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Shuningdek, ekologik modernizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish va ushbu loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Seminar soha vakillari o‘rtasida tajriba almashish va sanoatning ekologik samaradorligini oshirishga qaratilgan hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘ldi.