
2026-yilning 16–18-iyun kunlari Toshkent shahrida mamlakatning asosiy investitsiya platformasi hamda Markaziy Osiyodagi eng nufuzli ishbilarmonlik maydonlaridan biri sanalgan Beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtmoqda.
Soʻnggi yillarda forum nafaqat global kapitalni jalb qilish mexanizmi, balki mintaqaning investitsiya kun tartibini belgilab beruvchi strategik muloqot maydoni sifatida ham xalqaro eʼtirofga sazovor boʻldi. Joriy yilgi tadbirda dunyoning 99 ta mamlakatidan 8 mingdan ortiq ishtirokchi, shu jumladan 3,1 ming nafardan ziyod xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda.

Forumda “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati kimyo sanoati salohiyati, investitsiya imkoniyatlari va tarmoqda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlarini namoyon etuvchi keng koʻlamli ekspozitsiya bilan ishtirok etmoqda.
Ekspozitsiya beshta tematik zonadan iborat boʻlib, unda tarmoqning iqtisodiyotning turli sohalari bilan integratsiyasi, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish zanjirlari, eksport salohiyati, ilm-fan va innovatsiyalar bilan hamkorlik hamda istiqbolli investitsiya loyihalari taqdim etilgan.

Tadbirning birinchi kunidayoq mahalliy va xorijiy hamkorlar ishtirokida qator B2B va B2G formatdagi uchrashuvlar tashkil etildi. Mazkur muloqotlar yangi sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish, investitsiya loyihalarini muhokama qilish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun muhim platforma vazifasini oʻtamoqda.

Joriy yilgi forum doirasida ham “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan bir qator muhim investitsiya kelishuvlari va hamkorlik memorandumlarini imzolash rejalashtirilgan boʻlib, bu tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
