
“Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyatining hududlarda biznes vakillari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlari davom etmoqda. Uchrashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan oʻtkaziladigan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida tashil etilmoqda.

Navbatdagi amaliy uchrashuv Samarqand viloyatida kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari va korxona rahbarlari ishtirokida tashkil etildi. Muloqotning asosiy maqsadi soha vakillarini qiynayotgan masalalarni oʻrganish, ularning taklif va tashabbuslarini eshitish hamda mavjud muammolarga amaliy yechimlar ishlab chiqishdan iborat boʻldi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi, Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi rahbariyati ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida kimyo sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish faoliyatini yanada rivojlantirish, xomashyo taʼminoti, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish hamda tadbirkorlik faoliyatida uchrayotgan mavjud muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar yuzasidan masʼul tashkilotlar ishtirokida atroflicha muhokama oʻtkazilib, ularni hal etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mazkur muloqotga kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan jami 68 nafar tadbirkor jalb qilindi.
Bunday uchrashuvlar tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni taʼminlash, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda sohaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan takliflarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
