"O'zkimyosanoat" AJ

”Oʻzkimyosanoat“ AJning 2023-yil barqaror rivojlanish boʻyicha ilk hisoboti eʼlon qilindi

// 01 October 2024 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/report-2023

Hisobotda Jamiyatning atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruvga (ESG) bogʻliq yondashuvlari taqdim etilgan. 

Ushbu hisobot Global Reporting Initiative (GRI) xalqaro standartlari asosida tayyorlangan boʻlib, kompaniyaning barqaror rivojlanish, korporativ boshqaruv, atrof-muhit va ijtimoiy koʻrsatkichlari boʻyicha natijalarni oʻz ichiga oladi hamda kompaniyaning oshkoralik va javobgarlikka boʻlgan intilishini aks ettiradi. 

2023-yilgi asosiy natijalardan biri — 1 410,2 ming tonna mineral oʻgʻit ishlab chiqarilishi va kompaniya moliyaviy koʻrsatkichlarining sezilarli darajada yaxshilanishi boʻldi. 

Jamiyat shuningdek, CO₂ chiqindilarini 407 194 tonnagacha kamaytirdi va ayni kunlarda dolzarb boʻlgan masalalardam biri- suvdan foydalanishni 22%ga qisqartirishga erishildi . 

Qolaversa, mahalliy jamoalarga koʻmak berish va gender tengligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bir qator tashabbuslar amalga oshirildi. Xususan, 2025-yilgacha rahbar ayollar ulushini 30%ga yetkazish maqsad qilingan.

Jamiyat  qayta tiklanuvchi energiya manbalariga qaratilgan loyihalarga ham katta e’tibor qaratib, sarmoyalar kiritdi. Xorijiy sheriklar bilan birgalikda vodorod ishlab chiqarish va quyosh elektr stansiyalarini oʻrnatish boʻyicha loyihalar amalga oshirilishi boshlandi. 

Bu Jamiyatning uzoq muddatli strategiyasining muhim qismi boʻlib, uglerod izini kamaytirish va ishlab chiqarish jarayonlarida qayta tiklanadigan energiya ulushini oshirishga xizmat qiladi.

”Oʻzkimyosanoat" AJ 2025-yilgacha boʻlgan rivojlanish strategiyasini davom ettirib, mamlakat kimyo sanoatining raqobatbardoshligini oshirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan barqaror rivojlanish maqsadida izchil islohotlar olib bormoqda.

Hozirgi kunda ESG reytingini qoʻlga kiritish maqsadida S&P Global xalqaro reyting agentligi bilan muzokaralar olib borilmoqda.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati