"O'zkimyosanoat" AJ

«O‘zkimyosanoat» AJ va tarmoq korxonalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qanday natijalarga erishilmoqda?

// 02 August 2024 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/ozkimyosanoat-aj-va-tarmoq-korxonalarida-korrupsiyaga-qarshi-kurashish-boyicha-qanday-natijalarga-erishilmoqda

AOKAda o‘tkazilgan brifingda «O‘zkimyosanoat» AJ axborot xizmati rahbari Rustambek Eshbekov shu haqida ma’lumot berdi. Unda «O‘zkimyosanoat» AJ va tarmoq korxonalari Komplayens xizmatlari tomonidan 2024 yilning 1-yarim yilligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Brifingda aytib o‘tilganidek, mazkur tarmoqda davlatimiz rahbarining 2022 yil 12 yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Unga muvofiq, «O‘zkimyosanoat» AJ va tarmoq korxonalarida 2023 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar samaradorligini yagona mezon asosida baholash tizimi joriy etilgan. 

Mazkur baholash tizimiga 5 ta yo‘nalishda 29 ta maxsus indikatorga asosan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining «E-Anticor.uz» elektron platformasiga sohada amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar kiritildi. Natijada ushbu reyting tizimida ishtirok etgan 95 ta vazirlik, idora hamda tashkilotlar o‘rtasida «O‘zkimyosanoat» AJ faoliyati 90 ball bilan yaxshi deb baholandi va 3-o‘rinni qayd etdi. 

Shuningdek, bu borada ishlarni yanada samarali tashkil qilish maqsadida qator choralar ko‘rilmoqda. Xususan, hisobot davrida «O‘zkimyosanoat» AJ va tarmoq korxonalaridagi korrupsion jinoyatlar, noqonuniy o‘zlashtirish, rastrata, o‘g‘irlik, kamomad, qo‘shib yozish va boshqa qonunbuzilishlar bo‘yicha jami 26 ta holat aniqlanib, xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi. 

– «Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish nizomi» talablari asosida korrupsiyaviy xavf-xatarlar ehtimoli yuqori va o‘rta bo‘lgan 7 ming 906 nafar xodim manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar to‘ldirdi. Unga ko‘ra, 32 nafar mas’ul xodimda real manfaatlar to‘qnashuvi, 68 nafarida ehtimoliy (potensial) holat mavjudligi aniqlandi. O‘z navbatida, xaridlarni tashkil etish, shartnomalarni rasmiylashtirish jarayonlarida asosan raqobat muhitini cheklash, ishtirokchilarning til biriktirishlari kabi shubhali shartnomalar rasmiylashtirilishining oldi olindi. Ushbu tadbirlar tufayli jami 5,9 milliard so‘mlik pul mablag‘larining asossiz sarflanishi oldi olinib, iqtisod qilindi, – dedi R. Eshbekov. 

Tadbirda jamiyat va tizim korxonalari xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida komplayens xizmati va huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan 213 ta tushuntirish-profilaktik tadbir amalga oshirilgani ta’kidlandi. 

Manba: N.Ziyodullayeva, O‘zA01.08.2024