"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” tarmoq korxonalari yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqda

// 13 November 2024 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-tarmoq-korxonalari-yangi-turdagi-mahsulotlar-

Oʻzbekistonda 2024-yilning dastlabki olti oyida mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarish 34 foizga oʻsdi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida ham ishlab chiqarishda qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish, ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turlarini koʻpaytirish yuzasidan amaliy harakatlar olib borilmoqda. 

Xususan, Jamiyatning Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida 2 788,9 mlrd soʻmlik (oʻsish 128,1 foiz) mahsulotlar ishlab chiqarilib, reja koʻrsatkichlari 112,9 foizga bajarildi.

Dastur doirasida “Chirchiq kimyo-industrial texnoparki” MCHJ hududida yuqori bosimli laminat, tibbiy simulyator, “Chemistry International” MCHJda paxta sellyulozasi, gidroksipropilmetilsellyuloza (NRMS), “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” AJda kaliy sulfati, ammoniy xlorid, sulfat kislotasi, “Maxam-Chirchiq” AJda past haroratli vanadiyli katalizator, oʻrta haroratli katalizator (STK) kabi qoʻshimcha mahsulotlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, “Oʻzkimyosanoat” AJ va “Navoiyazot” AJ mutaxassislari tashabbusi bilan “Navoiyazot” AJ hududida yangi turdagi koagulyant “polimer holatdagi temir sulfat” mahsuloti oʻzlashtirildi. Natijada xorijdan keltirilayotgan mahsulotlar mahalliylashtirilib, 3 mlrd 440 mln soʻm mablagʻ tejaldi. Ushbu kimyoviy reagent korxonaning oqava suvlarini tozalash koagulyanti sifatida qoʻllaniladi.

Mazkur mahsulot kelgusida viloyatdagi yirik sanoat korxonalariga ham yetkazib beriladi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati