"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJda raqamli transformatsiya: kimyo sanoatida yangi bosqich

// 27 April 2026 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-ajda-raqamli-transformatsiya-kimyo-sanoatida-

2026-yilning birinchi choragida “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan kimyo sanoatini raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish borasida qator muhim ishlar bajarildi. Bu jarayonlar tarmoqning shaffofligi, samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Jumladan, kimyo tarmogʻi uchun yagona raqamli platforma doirasida keng qamrovli maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Mazkur baza sohada faoliyat yuritayotgan 13 459 ta tashkilot haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Unda korxonalarning litsenziyalari, import-eksport operatsiyalari, moliyaviy koʻrsatkichlari hamda boshqa muhim maʼlumotlar jamlangani tarmoqni kompleks tahlil qilish va samarali boshqarish imkoniyatini yaratadi.

Yaratilgan yagona platforma kimyo sanoatidagi barcha ishtirokchilar uchun qulay raqamli muhitni shakllantirib, qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish, maʼlumot almashinuvini yaxshilash va tahlil imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu orqali tarmoqdagi ishlab chiqarish, savdo va moliyaviy jarayonlarni muvofiqlashtirish yanada samarali yoʻlga qoʻyilmoqda.

Shu bilan birga, inson kapitali rivojiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Oʻzkimyosanoat” AJ va uning tarmoq korxonalarida raqamlashtirish jarayonlariga masʼul boʻlgan 101 nafar rahbar va mutaxassis “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi doirasida malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli sertifikatlarga ega boʻldi.

Umuman olganda, “Oʻzkimyosanoat” AJda amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya jarayonlari kimyo sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, uning investitsion jozibadorligini oshirish hamda xalqaro bozorlardagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.