"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJda "Avtomobillarsiz kun"

// 22 September 2025 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-ajda-avtomobillarsiz-kun

22-sentyabr — dunyo miqyosida "Avtomobillarsiz kun" sifatida nishonlanadi. Ushbu kunning asosiy maqsadi — shaharlardagi havo ifloslanishini kamaytirish, transport vositalaridan kelib chiqadigan zararli chiqindilarga qarshi kurashish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib etishdan iborat.

Shu munosabat bilan, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va xodimlari tashabbus koʻrsatib, ushbu ekologik aksiyada faol ishtirok etdilar. Jamiyatning markaziy apparatida faoliyat yurituvchi koʻplab xodimlar ish joyiga piyoda, velosipedda yoki jamoat transportlaridan foydalangan holda keldilar.

Bunday tashabbus nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki jismoniy faollikni oshirishga ham xizmat qiladi. Xodimlar bu kuni sogʻlom hayot tarzi, ekologik madaniyat va jamoaviy masʼuliyat haqida oʻylash uchun yana bir imkoniyat sifatida qabul qildilar.

“Oʻzkimyosanoat” AJ rahbariyati ushbu tadbirni joriy yilda ilk bor tashkil etgan boʻlsa-da, bundan buyon uni anʼanaviy tarzda har yili oʻtkazish niyatida. Jamiyat ekologik barqarorlik va ijtimoiy masʼuliyat masalalariga doimiy eʼtibor qaratib keladi va bu kabi tashabbuslar uning korporativ madaniyatida muhim oʻrin tutadi.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati