"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJ “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etmoqda

// 22 October 2024 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-aj-yashil-makon-umummilliy-loyihasida-faol-is

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mamlakatimizda ekologik vaziyatni yanada yaxshilash hamda iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirini yumshatishning samarali yechimiga aylandi.

Mazkur loyiha doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan mevali, manzarali daraxt va buta koʻchatlari hamda qalamchalar ekish hamda ekilgan  daraxtlarni parvarishlash, qurib qolishini oldini olish shuningdek, tomchilab sugʻorish tizimini joriy qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, tarmoq korxonalari tomonidan 2024 yil bahor va kuz mavsumlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 1,2 mln. tup, ulardan 719 ming tup bahor mavsumida va 481 ming tup kuz mavsumida ekilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar bahor (mart-aprel) mavsumida tarmoq korxonalarida 167,5 gektar maydonga jami 854,5 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlari ekilib, shundan 5 gektardan ortiq maydonda “yashil belbogʻ”lar tashkil qilindi.

Albatta, har qanday koʻchat eʼtibor va parvarishni talab etadi. Bu masala ham ijobiy hal etilgan boʻlib, ekilgan daraxtlarni parvarishlash, kasallikdan saqlash, tomchilab sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha masʼullar belgilangan. Ayni paytda 18,3 gektar, yaʼni 27,7 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlari tomchilab sugʻorish tizimi orqali sugʻorilmoqda.

“Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan joriy yil kuz mavsumida jami 23 ming tup daraxt va buta koʻchatlari ekilishi rejalashtirilgan. Mavsum boshlanganidan shu kunga qadar esa har bir hududning iqlimi, tuproq sharoitlaridan kelib chiqqan holda daraxt turi va ekish joylari belgilangan xolda 3098 tup daraxt va buta koʻchatlari ekildi.

Mazkur xayrli loyiha doirasidagi ishlar faol davom ettiriladi.

"O'zkimyosanoat" AJ Matbuot xizmati