"O'zkimyosanoat" AJ

“O‘ZKIMYOSANOAT” AJ RASMIY MUNOSABATI

// 20 June 2026 yil
https://pda.uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/o-zkimyosanoat-aj-rasmiy-munosabati

Ijtimoiy tarmoqlarda mineral o‘g‘itlarni birja orqali sotib olishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, shuningdek, o‘g‘itlar sun’iy ravishda ushlab turilib, narxlarni oshirish maqsad qilingani haqida turli fikrlar tarqalmoqda. “O‘zkimyosanoat” AJ bu borada quyidagilarni ma’lum qiladi.

Bugungi kunda “O‘zkimyosanoat” AJ tizimidagi 6 ta korxonada azotli, fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqariladi. 2026 yil uchun ishlab chiqarish prognozi 3,6 mln tonna rejalashtirilgan. Joriy yil yanvar-may oylarida 1,2 mln tonna mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarilgan. Jumladan, 900 ming tonna azotli, 164 ming tonna fosforli va 144 ming tonna kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqarildi.

Ishlab chiqarish jarayonlari tasdiqlangan ishlab chiqarish dasturlari asosida uzluksiz davom etmoqda. Mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini qisqartirish yoki mineral o‘g‘itlarni sun’iy ravishda omborlarda ushlab turish holatlari mavjud emas.

Joriy yil yanvar-iyun (19 iyun holatiga) oylarida 5,9 mln tonna mineral o‘g‘itlar birja savdolariga chiqarilib, 1,4 mln tonna amalda xarid qilindi.  

Joriy yilning birgina iyun oyining bugungi sanasiga qadar 273,6   ming tonna azotli,   184,6 ming tonna fosforli hamda  6,0 ming tonna kaliyli o‘g‘it birja savdolariga chiqarilib, amalda 207 ming tonna azotli,   9,0 ming tonna fosforli hamda 5,9 ming tonna kaliyli o‘g‘it xarid qilindi.

Shuningdek, joriy yil 19 iyun holatiga korxonalarning hududlardagi 302 ta vakolatli (ijara) omborlari hamda texnologik omborlarida 177 ming tonna mineral o‘g‘itlar qoldig‘i mavjud.  O‘zbekiston Respublikasi Hukumati topshirig‘iga ko‘ra, 2025 yildan boshlab g‘alla va paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklar uchun Tovar xom-ashyo birjasidagi alohida maxsus savdo maydonchasida mineral o‘g‘itlarni 10% gacha arzonlashtirilgan holda sotish tizimi joriy qilingan.

Bundan tashqari birjaning alohida savdo maydonchasida mineral o‘g‘itlar boshlang‘ich narxlari ko‘tarilib ketishining oldini olish maqsadida savdolarda boshlang‘ich narxga nisbatan o‘sish chegarasi (Limit Up) eng ko‘pi bilan 5 foiz etib belgilangan. Shuni ham ta’kidlash joizki, mineral o‘g‘itlarning ishlatilishi mavsumiy xarakterga egaligi hisobiga talab va taklifdan kelib chiqib, ayrim paytlarda birja savdolarida muayyan turdagi mahsulotlarga bo‘lgan talab yuqori bo‘ladi.

 “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan qishloq xo‘jaligining mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonlari doimiy nazoratga olingan.

“O‘zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati